Turkmanistondagi yagona aloqa operatori SIM-karta sotishni to‘xtatdi

Olam

image

Turkmanistonning yagona mobil aloqa operatori “Oltin Asr” telefonlar uchun yangi SIM-kartalarni sotishni to‘xtatdi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.

“Kompaniya xodimlari pasporti mavjud, SIM-karta olish uchun ariza bergan 16 yoshli fuqarolarni bo‘sh telefon raqamlari yo‘qligini aytib, rad etishmoqda”, dedi nashrga ashxobodliklardan biri.

Turkmaniston poytaxtida yashovchi yana bir fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, SIM-kartani na yangi raqamlarga, na mavjud raqamlarga, na kompaniyaning markaziy ofisida, na filiallarida olishning imkoni yo‘q. Endi mijozlar faqat tarifni o‘zgartirishi mumkin.

TMCell savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi “Oltin Asr” yuzaga kelgan muammolarni kompaniyaning yangi SIM-kartalar sonini ko‘paytirish uchun texnik imkoniyati yo‘qligi bilan izohladi. Kompaniya bu muammolar haqida rasman xabar bermadi.

Nashrning yozishicha, so‘nggi yillarda Turkmaniston hukumati muntazam ravishda eng ilg‘or texnologiyalarni xarid qilish va joriy etish haqida e’lon qiladi, biroq mamlakatda uyali aloqa sifati yomonlashmoqda va internet tezligi pasaymoqda.

“Turkmaniston dunyodagi eng yopiq davlatlardan biri sanaladi. Mamlakat hukumati aholining axborotga kirishini nazorat qiladi, Turkmanistondan axborot sizib chiqishining oldini olishga harakat qiladi va shu bilan birga xorijdan Ashxobodni tanqid qiluvchi xabarlarni bloklaydi. Turkmanistonda bir necha yillardan beri yirik ijtimoiy tarmoqlar va mustaqil axborot vositalari bloklangan”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida AQSH Davlat departamenti Turkmanistonni Rossiya,  Belarus, Shimoliy Koreya va Suriya bilan bir qatorda hukumati odam savdosini moliyalashtirgan 13 davlat ro‘yxatiga kiritgani xabar qilingandi.

Zebo Turobjonova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Turkmaniston SIM-karta

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing