Turkmanistonda urush qatnashchilariga $10 dan beriladi
Olam
−
09 may 2022
18221Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhamedov faxriylar, shuningdek, urushda halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning bevasiga 200 manatdan pul (davlat kursi bo‘yicha 57,1 dollar, “qora bozor” kursi bo‘yicha 10 dollar) va qimmatbaho sovg‘alar berish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, faxriylar oldingi yillarda ham xuddi shu miqdorda mukofotlangan. Mamlakatdagi faxriylar soni ma’lum emas. Shuningdek, 2018 yildan beri Turkmanistonda 9 may dam olish kuni hisoblanmaydi.
O‘zbekistonda urush qatnashchilari, konslager asirlari va Leningrad blokadasidan omon qolganlarning har biriga 15 million so‘mdan (1339 dollar) va qimmatbaho sovg‘alar topshiriladi. Mamlakatda 236 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qiladi.
Qirg‘izistonda bayram to‘lovlari miqdori 100 000 somni (1209 dollar) tashkil qiladi. Mamlakatda 107 nafar faxriy bor.
Qozog‘istonda to‘lovlar miqdori faxriyning yashash joyiga va uning maqomiga bog‘liq. Nur-Sulton va Olma-otada yashovchi faxriylarning har biriga 1 million tenge (2229 dollar), Aqto‘beda esa 2 million tenge (4459 dollar) beriladi. Mamlakatda 387 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bor.
Tojikistonda ham to‘lovlar miqdori hududga bog‘liq. Masalan, Dushanbeda faxriylar 3000 somoniy (240 dollar), So‘g‘d viloyatida esa 480 dollar oladi. Mamlakatda 59 nafar faxriy bor.
LiveBarchasi