Turkmanistonda ham Milliy xavfsizlik rahbari almashtirildi
Olam
−
16 fevral 6469 2 daqiqa
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Milliy xavfsizlik vaziri Nazar Atagarayevni boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod qildi. Qaror Davlat xavfsizlik kengashi yig‘ilishida qabul qilingan. Bu haqda “Turkmenportal” xabar berdi.
Yangi vazir etib general-mayor Dovletgeldi Meredov tayinlangan. U avval prezident xavfsizlik xizmatiga rahbarlik qilgan va tayinlovdan so‘ng xalq, vatan va davlat rahbariga sadoqat qasamyodini keltirgan.
Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligi mamlakatning asosiy maxsus xizmati hisoblanadi. U 1991 yilda tashkil etilgan va to‘g‘ridan to‘g‘ri Prezidentga bo‘ysunadi. Vazirlik davlat xavfsizligini ta’minlash, qarshi razvedka, terrorizmga qarshi kurashish, strategik sohalarni nazorat qilish kabi vazifalarni bajaradi. Ushbu tuzilma Turkmaniston siyosiy va kuch tuzilmalari tizimida muhim o‘rin tutadi.
Eslatib o‘tamiz, 10 fevral kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘zining yaqin hamkori Kamchibek Tashiyevni barcha lavozimlaridan ozod qildi. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, bu qaror davlat birligini mustahkamlash va jamiyatda, jumladan davlat tuzilmalari o‘rtasida bo‘linishning oldini olish maqsadida qabul qilingan.
Tashiyevning iste’fosidan so‘ng kuch tuzilmalarida o‘zgarishlar amalga oshirildi: uning o‘rinbosarlari ham lavozimlaridan olindi, Chegara xizmati Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi va prezidentga bevosita bo‘ysunadigan yangi Davlat muhofazasi xizmati tashkil etildi. Shuningdek, parlament spikeri Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li vakolatlarini topshirdi, Tashiyevning jiyani esa transport prokuraturasi rahbari lavozimidan ozod etildi.
Live
BarchasiShayxontohur tumanida xonadon yonmoqda
16 fevral