Turkmaniston zilziladan jabrlangan Afg‘onistonga yordam ko‘rsatadi
Olam
−
24 iyun 2022
4405Turkmaniston zilziladan jabr ko‘rgan Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatadi. Bu haqda “Turkmenistan segodnya” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 23 iyun kuni Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov Afg‘onistonning Turkmanistondagi Muvaqqat ishlar vakili Muhammad Fazel Saber bilan uchrashgan.
TIV rahbari Turkmaniston Afg‘onistonning Xost va Paktika viloyatlarida ro‘y bergan zilzila haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qilganini ta’kidlagan, ushbu mamlakat xalqiga hamdardlik va ta’ziya izhor qilgan.
“Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Turkmaniston yaqin kelajakda qardosh Afg‘oniston aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 01:55 atrofida Afg‘onistonda zilzila sodir bo‘lgandi va bu O‘zbekistonning to‘rtta viloyatida ham sezilgandi.
Afg‘onistonning sharqiy qismida yuz bergan zilzila oqibatida avvaliga 255 kishi halok bo‘lgani, kamida 150 kishi jarohat olgani haqida ma’lum qilindi. Keyinchalik esa qurbonlar soni 1000 nafardan ortib ketdi, jarohatlanganlar esa 610 kishiga yetdi.
Mamlakatni boshqarayotgan "Tolibon" harakati rahbari Haybatulloh Oxundzoda Xost va Paktika viloyatlarida yuz bergan zilzila munosabati bilan xalqaro tuzilmalardan yordam so‘radi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi zilzilaga munosabat bildirib, rasmiy Toshkent Afg‘onistonga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda yordam berishga tayyorligini e’lon qildi.
Shuningdek, “Tolibon” Paktika va Xost viloyatlarida zilzila qurbonlariga yordam berish uchun 1 milliard afg‘oni (taxminan 11 million dollar) ajratishini ma’lum qildi.
LiveBarchasi