Turkmaniston ham Isroilning Qatardagi hujumini qoraladi

Olam

image

Turkmaniston Isroilning Qatar poytaxti Doha shahridagi turarjoy hududiga bergan zarbalarini qoralab, bunday harakatlarni Qatar suverenitetiga tajovuz va xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi sifatida baholadi. Bu haqda 11 sentyabr kuni Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi bayonot tarqatdi.

“Har qanday xalqaro masalalarni hal qilishda kuch ishlatish yoki tahdid qilish mutlaqo nomaqbul hisoblanadi va BMT Nizomining normalari hamda tamoyillariga zid keladi”, deyiladi vazirlik bayonotida. 

Isroilning Qatarga hujumi

9 sentyabr kuni Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) qiruvchi samolyotlari Qatar poytaxti Doha shahrida joylashgan turar-joy uyini nishonga oldi. U yerda Falastinning HAMAS harakati mansub a’zolar bo‘lgan. 

Isroil hukumati zarbalar uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olib, operatsiyani “Olovli cho‘qqi” deb atadi. Arab OAV xabariga ko‘ra, zarba oqibatida HAMASning to‘rt nafar yuqori martabali rahbari halok bo‘lgan. Qatarda esa Isroilning bu harakatlari nomaqbul va jinoyat sifatida baholandi.

Kanada, Fransiya va Buyuk Britaniya kabi bir qator davlatlar Isroilning bu harakatlarini qoraladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Qatar hududida bunday hodisa yuz berganidan afsus bildirgan. HAMAS esa AQSHni ham bu hujum uchun mas’ul deb bilishini aytgan.

Qatar voqeadan so‘ng HAMAS va Isroil o‘rtasida vositachilik faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.

Ko‘plab davlatlar qatorida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston ham Qatarga hujumni qoraladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 12 sentyabr kuni Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qilib, Isroil tomonidan Qatar poytaxti Doha shahriga uyushtirilgan raketa zarbalarini keskin qoralagandi. Suhbatda O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday shakliga va Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashishiga olib keladigan qadamlarga qarshi ekani ta’kidlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkmaniston Qatar Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing