Arqadag‘ ortga chekinyaptimi yo parda ortiga?
Tahlil
−
22 avgust 2020
31387Kutilmagan qarorlari va serqirra qiziqishlari bilan Markaziy Osiyo va dunyoning ko‘plab davlatlarida yaxshi tanilgan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakat boshqaruvida jiddiy o‘zgarishlar qilishi kutilyapti. Mutaxassislar fikricha, bu o‘zgarishlar hokimiyat almashinuviga aloqador bo‘ladi. Kutilayotgan eng katta yangilik mamlakat Konstitutsiyasining o‘zgarishi bo‘ladi.
O‘zgarayotgan Konstitutsiya
Joriy yilning sentyabr oyida Turkmanistonda yangi Konstitutsiya qabul qilinishi va mamlakat ikki palatali parlament tizimiga o‘tilishi kutilyapti. Bosh qomusning yakuniy matnini konstitutsion komissiya taqdim etishi kerak. Loyiha taqdimotini koronavirus profilaktikasi sabab videokonferensiya shaklida o‘tkazish belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida, rasmiy Ashxobod mamlakatga koronavirus kirib borganini rasman rad qilayotgan bo‘lsa-da, fuqarolardan masofani saqlash, niqob taqishni talab qilyapti.
“Dunyoda epidemiya hukm surayotganini inobatga olib, biz konstitutsion komissiya va Xalq Maslahati (oqsoqol va faxriy insonlar kirgan siyosiy tuzilma) yig‘ilishini videokonferensaloqa shaklida o‘tkazish to‘g‘ri bo‘ladi degan qarorga keldik”, degan Berdimuhamedov masofaviy o‘tkazilgan Hukumat yig‘ilishida.
Onlayn o‘tkazish imkoni bo‘lmagan barcha tadbirlar to‘xtatildi. Masalan, futbol bo‘yicha milliy chempionat. O‘yinlarning bekor qilinish sababi ochiqlanmagan. Ammo bu jiddiylashayotgan epidemiologik vaziyat bilan bog‘liq. 1 sentyabrgacha poyezdlar harakati to‘xtatilgani ham shundan darak beryapti.
Epidemiologik vaziyat yetmaganidek, Belarusda boshlangan namoyishlar ham Ashxobodga o‘zi ta’sirini o‘tkazdi. Ekspertlar 2007 yildan beri hokimiyatda qolayotgan Gurbanguli Berdimuhamedov Prezidentlikdan ketsa, o‘ziga chekinish uchun yo‘l tayyorlayapti, deb hisoblayapti.
Arqadag‘ning rejasi qanday?
Joriy yilning 25 sentyabr kuni Xalq Maslahati yig‘ilishida yangi Konstitutsiya qabul qilinadi. Unga ko‘ra, Berdimuhamedov davlat rahbari lavozimidan ketgan taqdirda Xalq Maslahati raisi lavozimini egallaydi. Siyosatshunoslar fikricha, Arqadag‘ shu tariqa parda ortidan mamlakatni boshqarishda davom etaveradi.
Ammo bu yangi ssenariy emas. O‘z vaqtida Turkmanistonning Birinchi Prezidenti, Turkmanboshi unvoni sohibi Saparmurat Niyozov hokimiyatda umrbod qolish uchun o‘ziga shunday yo‘lni tayyorlagandi.
U xalqni 1995 yildan shunga tayyorlab borgan. 1999 yilda u umrbod Prezident bo‘lish huquqini qo‘lga kiritgan. 2003 yilda hokimiyatning bo‘linish prinsipi bekor qilingan. O‘sha yillarda quyi idoralar oliy hokimiyat va boshqaruv organi Xalq Maslahatiga hisobdor bo‘lgan. Niyozov Prezident lavozimidan ketib, o‘zi tashkil qilgan Xalq kengashi rahbari bo‘lib qolishni rejalashtirgandi. Biroq bu amalga oshmadi. U 2006 yilda vafot etdi.
Uning o‘rniga kelgan xalafi Berdimuhamedov ham huddi shu yo‘lni tanladi. U hozirgacha Konstitutsiyani uch marta o‘zgartirdi. 2017 yildagi o‘zgartirishlar Berdimuhamedovning hokimiyatini mutloqlashtirdi. Yangi Konstitutsiya nimalarni tayyorlayotgani esa tez orada ma’lum bo‘ladi. Mutaxassislar yangi tahrirdagi Bosh qonunda ko‘plab o‘zgarishlar bo‘lishini taxmin qilyapti. E’tirozlarning asosiysi Konstitutsiyada ko‘plab moddalar ikki xil tushunish mumkin bo‘lgan holda yozilayotganiga nisbatan bo‘lishi ta’kidlanyapti.
Konstitutsiya qay darajada o‘zgarayotganini taxmin va muhokama qilish mumkin. Ammo ekspertlar uning asosida hokimiyatni noqonuniy degan nomdan saqlash prinsipi yotishiga ishonch bildiryapti. Jamoatchilik fikridan saqlanish uchun mualliflar “va’da berib bajarmaslikdan ko‘ra, aytmaslik yaxshi” qoidasiga amal qiladi degan fikr mavjud.
Turkmanistonni kuzatib boruvchi mutaxassislar bunday mavhumliklar mamlakat qonunchiligining davlatni boshqarish blokida yetarlicha ekanini, bu esa hokimiyatni egallab turishga yo‘l berishini takrorlayotir.
LiveBarchasi