Turkman faollari AQSHda norozilik aksiyasi o‘tkazdi
Olam
−
02 noyabr
13367Joriy yilning 28 oktyabr kuni turkman faollari Turkmaniston va Turkiyadagi mamlakat muxolifati ta’qib qilinishiga qarshi ikki davlatning AQSHdagi elchixonalari oldida norozilik aksiyasi uyushtirdi. Bu haqda “Turkmen news” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, AQSH poytaxti Vashington shahridagi ikki davlat elchixonalari oldida Turkmaniston va Turkiyadagi muxolifat faollarini ta’qib qilishga qarshi piket (norozilik aksiyasi) uyushtirilgan. Ushbu tadbirni Chemen Ore va Olga Chareva boshqargan. Ular bilan birga boshqa odamlar ham ishtirok etib, ta’qib qilinayotgan faollar suratlari va hokimiyatni tanqid qiluvchi plakatlarni namoyish qilgan.
“Biz – turkiy xalqlar vakillarimiz. Biz bu yerda nafaqat Turkmaniston, balki Turkiya, butun turkiy dunyo va boshqa davlatlardagi diktatorlar va rejimlardan voz kechish uchun yig‘ildik. Biz gaz uchun odamlarni sotishga qarshimiz. Biz yosh avlodni Turkiyaning Milliy razvedka tashkiloti yordamida o‘g‘irlab, Turkmanistonga olib ketilishiga qarshimiz”, deb aytgan ular.
Faollar norozilik uchun Turkmanistonning eski Mustaqillik kunidan keyingi va Turkiyaning Respublika kunidan oldingi kunni – 28 oktyabrni tanlagan. Avval ular Turkiya elchixonasi oldida piket uyushtirib, so‘ngra Turkmaniston elchixonasiga ko‘chgan. Ikkala elchixona ham Vashingtondagi Massachusets prospektida joylashgan.
Nashrga ko‘ra, Merdan Muhammadov, Farhod Meymanquliyev, Rovshen Qilichev, O‘mruzoq Umarquliyev va boshqa ko‘plab turkmanistonlik muxoliflar Turkiyada o‘g‘irlangan va Turkmanistonga chiqarib yuborilgan. Ularning ayrimlari sudlanayotgan bo‘lsa, ayrimlarining taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.
LiveBarchasi