Turkiyaning Erdo‘g‘andan oldingi prezidenti imi-jimida O‘zbekistonga kelib ketdi
Jamiyat
−
26 may 2025 16107 2 daqiqa
Turkiyaning 11-prezidenti Abdulla Gul o‘tgan haftada rafiqasi bilan O‘zbekistonga safar qildi. Bu haqda u o‘zining Facebook'dagi sahifasida yozib qoldirdi.
Sobiq prezident o‘z ijtimoiy tarmoqlarida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivaga ilk bor tashrif buyurganini aytib, bu shaharlarda guvoh bo‘lgan taraqqiyot va jonlanishdan mamnunligini ifoda etgan. U safar taassurotlari hamda bu shaharlarning turk-islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni haqida alohida fikr bildirgan.

Gulning yozishicha, O‘zbekistonda kuzatilayotgan taraqqiyot e’tirofga loyiq.
“Turk-islom tarixining guvohi bo‘lgan Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivaga birinchi marta tashrif buyurmoqdaman. O‘zbekistonda ko‘rgan o‘zgarishlar, jonlanish va taraqqiyot meni qoyil qoldirdi va men bunga ulkan baho beraman”, deya yozib qoldirgan sobiq prezident.
Gulning ijtimoiy tarmoq sahifasida joylashtirilgan suratlarda u rafiqasi Hayriniso Gul bilan tarixiy joylarda yurganini ko‘rish mumkin. Samarqanddagi Registon maydoni, Buxorodagi tarixiy obidalar va Xivaning me’moriy yodgorliklari fonida olingan suratlar ko‘zga tashlanadi.

Turkiyaning bir qancha OAVlariga ko‘ra, Gul prezidentlik lavozimini tark etganidan keyin na ekranlarda, na ijtimoiy tarmoqlarda faol ko‘rinmagan va bu qaytish bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Abdulla Gul 1950 yil 29 oktyabrda Turkiyaning Kayseri shahrida tug‘ilgan. Boshlang‘ich, o‘rta ta’limni Kayserida olgan. Keyinchalik oliy ta’lim olish uchun Istanbulga ko‘chib, Istanbul universitetining Iqtisodiyot fakultetini tamomlagan. Abdulla Gul 2007 yil 28 avgustda Turkiyaning 11-prezidenti sifatida saylangan va 2014 yilgacha bu lavozimda faoliyat yuritgan. U “Adolat va taraqqiyot” partiyasining asoschilaridan biri bo‘lib, prezidentlikka kelishidan avval tashqi ishlar vaziri hamda qisqa muddatga bosh vazir lavozimlarida ishlagan.
Abdulla Gul davlat rahbari bo‘lgan paytda O‘zbekistonga umuman kelmagan va O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ham uning davrida Turkiyaga bormagan.
Live
Barchasi