Turkiyaning energetika sohasidagi yirik shirkatlari nega O‘zbekistonga kirmayapti? Elchi javob berdi

Intervyu

image

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kuni kecha elektr energetikasidagi ishlar ahvolini chuqur tahlil qilish, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan edi.
                       
Bugun mamlakatda energetika sohasi, xususan, neft, gaz, elektr energiyasi ishlab chiqarish, sohani rivojlantirish, eski an’analardan voz kechib, jahon tajribasini o‘rganish va buni tatbiq etish, sohada monopol tizimni yo‘qotish masalasiga hukumat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, oxirgi haftada gaz va elektr energiyasi, qolaversa, benzin narxining oshishi haqidagi xabar katta shov-shuvlarga, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyada elektr energiyasining 60 foizi xususiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilishini qayd etib, O‘zbekistonda bu yo‘nalish ancha oqsaganini ta’kidlagandi.
 
Ma’lum, Turkiya kun sayin rivojlanib borayotgan mamlakatlardan biri. Turkiyada energetika sohasi juda barqaror taraqqiy topib bormoqda. Boshqalar neftni qayta ishlash, oddiy gazni yetkazib berish masalasida bosh qotirayotgan bir paytda, Turkiyadagi xususiy shirkatlar chiqindidan gaz olyapti, quyosh energiyasini butun mamlakatga targ‘ib etmoqda. Xo‘sh, nega bu shirkatlar energetikada juda katta oqsash kuzatilayotgan O‘zbekiston bozoriga kirmayapti? Mazkur savol bilan Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Ahmed Bashar Shenga murojaat qildik.
 
“Investitsiya shunday narsaki, u bugun istab, ertaga cho‘ntagidagi 50 million dollarni bir ishga tikish degani emas. Bundan avval, turkiyalik ishbilarmonlar bilan bo‘lgan ba’zi muammoli voqealar bor. Albatta, hozir munosabat o‘zgargan, lekin o‘sha davrdan qolgan asoratlar biroz saqlanib qolgan. Bugungi imijning yuksalishi esa asta-sekinlik bilan bo‘ladi.
 
Turkiyalik investorlar mamlakatimizda yaqindagina kuzatilgan dollar bilan bog‘liq muammolar girdobida qoldilar. Masalan, 10 million dollari bor investor pulini birinchi o‘rinda Turkiyada ishlatadi, chunki doimiy faoliyatda bo‘lib turgan korxonalarda dollar narxining keskin oshib ketishi muammolar tug‘diryapti. Shuning uchun bu yo‘nalishda biroz to‘xtash kuzatilayotgan bo‘lishi mumkin.
 
O‘zbekiston ayni damda energetika sohasida jiddiy islohotlarni amalga oshirmoqda. Bu islohotlar yaqinda o‘z natijasini ko‘rsatadi.
 
O‘zbekistonga kelib ish boshlash istagidagi shirkatlarimiz bo‘ldi. Masalan, quyosh batareyasini, tabiiy gazdan elektr olishni o‘rgatmoqchi bo‘lgan firmalar bor. Ko‘plari investitsiya kiritishni ham boshladilar. Ular orasida narx masalasida hanuz bir to‘xtamga kela olmaganlar ham yo‘q emas. Ya’ni, O‘zbekiston tarafidagilar bilan muzokaralar davom etmoqda”.
 
2011-2012 yillar atrofidagi voqealarni turklar, turk korxonalari bilan hamkorlikda ishlagan o‘zbekistonliklar yaxshi eslaydi. O‘sha vaqtlarda O‘zbekistonda turk shirkatlariga nisbatan antipatiya uyg‘ondi. Albatta, bunga yetarli asoslar bo‘lgani sir emas. Shu bois O‘zbekistonning Turkiya bilan munosabatlari biroz sovuqlashdi. Turk shirkatlarining ko‘pchiligi O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatdi. Buning asorati esa hanuz davom etmoqda.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning noyabr oyida Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvda endigi munosabatlar boshqa yo‘ldan borishini va bunda turk investorlari ham halol yo‘lni tanlashlari kerakligi, to‘g‘ri yo‘nalishdan borishlari shartligi talabini qo‘ygandi.
 
O‘zbekistonda investorlarga hech qachon bugungidek e’tibor qaratilmagan. Shunday bo‘lsa-da, qonunchilikda ayrim yechimini kutib turgan masalalar bor. Masalan, yer davlatniki ekani: bu juda to‘g‘ri, ammo millionlarini sarflab, biror shirkat, mehmonxona qurgan investor kun kelib mablag‘ini olib chiqib keta olishiga qanday ishonsin? Axir mulkni tagi bilan ko‘chirib ketolmaydi-ku.
 
Ahmed Bashar Shen bu haqda gapirarkan masalaning huquqiy asoslarini ko‘rib chiqish, qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish kerakligini aytdi.
 
“Turkiyadagi korxonalar davlat-xususiy sherikchilik tizimida ko‘p yillardan buyon ishlab keladi. Masalan, biror investor mamlakatga kelib ko‘prik qursa, davlat o‘sha ko‘prikdan kuniga 1 000 ta avtomobil o‘tishiga, har bir avtomobildan topiladigan mablag‘ga kafolat beradi. Agar biror kun 1 000 ta emas, 998 ta mashina o‘tgudek bo‘lsa, qolgan ikki avtomobildan qolishi kerak bo‘lgan daromadni davlat o‘zi to‘lab beradi. O‘zbekistonga ham davlat-xususiy sherikchilik tizimini rivojlantirish uchun huquqiy asos kerak.
 
Turkiyadan kelib, energetika sohasida O‘zbekistonga investitsiya kiritib, faoliyati, tajribasini o‘rgatadigan xususiy shirkatlarga ham huddi shunday kafolat kerak. Davlat qancha vaqt biz bergan mahsulotni, ya’ni elektr energiyasini yoki gazni sotib olinishiga kafolat beradi, qabilidagi savollar bor tadbirkorlarda.
 
Turkiya ko‘priklar, tonnellar, ko‘plab shifoxonalarni o‘zi qurgani yo‘q. Aksincha, investorlarga topshirdi va ularga kafolat berdi. Menimcha, O‘zbekistonga ham shunday huquqiy sotib olish kafolatini berish amaliyoti lozim”.
 
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan bir yil ichida O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonalari soni 250 taga ortgan. 


Maqola muallifi

Teglar

AhmedBasharShen O'zbekiston-Turkiya

Baholaganlar

57

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing