Turkiyalik tadbirkorning chirigan jasadi Buxorodan topildi. Qotil begona emas

3-sahifa

Turkiyalik ishbilarmon O‘zbekistonning Buxoro viloyati, Qorovulbozor tumanidagi dasht hududida o‘ldirilib, o‘sha yerning o‘ziga ustidan tuproq tortgan holda tashlab ketildi. Eng ahamiyatlisi, uni o‘ldirganlar begona emas, o‘z vatandoshlari. Qotillikni sodir etganlikda gumonlangan shaxslar esa ikki mamlakat huquq-tartibot organlarining hamkorlikdagi amaliyoti natijasida Istanbulda qo‘lga olindi.

Gap shundaki, turkiyalik tadbirkorning jonsiz jasadi 2025 yil 17 oktyabr kuni Qorovulbozordagi dashtda mahalliy chorvador cho‘pon tomonidan ustiga tuproq tortilgan holatda topilgan. Jasad Turkiyada bedarak yo‘qolganlik vaji bilan qarindoshlari tomonidan qidiruvga berilgan 49 yashar Qodir Tunchga tegishli ekani aniqlangan. Qotillik qarz masalasi tufayli sodir etilgan, qo‘lga olingan 4 nafar gumonlanuvchi sudga yuborilgan. 

O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan olib borilgan dastlabki tergov-surishtiruv jarayonlarida jasadning katta qismi chirigani, marhumning pichoqlab o‘ldirilgani aniqlangan. Surishtiruvlar davomida hududdan o‘tgan bir avtomobilning davlat raqam belgisini aniqlash imkoni paydo bo‘lgan. O‘tkazilgan tekshiruvda gumon qilingan avtomobil Istanbulda yashovchi Suat T. (51) ismli turk fuqarosi tomonidan ijaraga olingani ma’lum bo‘lgan. Avtomobilda o‘tkazilgan tekshiruvda qon izlari aniqlangan. Topilgan qon namunalari jasadnikiga mos kelishi haqida xulasa qilingan. 

Ushbu ma’lumotlar asosida Istanbul Politsiya boshqarmasi xodimlari Suat T. ismli shaxsni kuzatuvga oldi. Tekshiruvlar davomida Suat T.ning restoran ochishni rejalashtirgan Qodir Tunch bilan 2025 yil 28 may kuni O‘zbekistonda uchrashgani aniqlangan. Qodir Tunchning bedarak yo‘qolgani haqida esa 2025 yil 3 iyun kuni uning amakivachchasi tomonidan ariza berilgan. 

Politsiya ushbu holat yuzasidan O‘zbekistondan kelgan DNK namunalarini Qodir Tunchning farzandlaridan olingan namunalar bilan solishtirgan. Tekshiruv natijasida O‘zbekistonda jasadi topilgan shaxs Qodir Tunch ekani tasdiqlangan.

Jamoat xavfsizligi boshqarmasi Qotilliklarni ochish bo‘limi xodimlari voqea yuzasidan olib borgan tergov harakatlari davomida 4 nafar gumonlanuvchini, jumladan, Suat T.ni ham qo‘lga oldi. Gumonlanuvchilar politsiyadagi so‘roq paytida qotillikni sodir etganiga iqror bo‘lgan. 

Qotilliklarni ochish bo‘limida ko‘rsatma bergan Suat T. avvaldan tanishi bo‘lgan Qodir Tunch bilan O‘zbekistonda restoran ochishga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgan.

“Shartnoma tuzish uchun avval men va ikki do‘stim O‘zbekistonga bordik. 2 kundan so‘ng Qodir Tunch ham yonimizga keldi, biroq shartnoma tuzilayotgan paytda kelisha olmaganimiz uchun bu ishdan voz kechdik”, deydi Suat T.

Shartnoma bekor bo‘lgach, avtomobilda qaytayotganlarida Qodir Tunch bilan o‘rtasida tortishuv chiqqan.

“Men mashinani boshqarib borayotgandim, yonimda Qodir o‘tirgandi. Bu shartnoma uchun unga 20 ming dollar pul bergandim. Shartnoma amalga oshmagach, pulni qaytarib berishini so‘radim. U menga pulni sarflab yuborganini va qaytara olmasligini aytdi. Shundan so‘ng oramizda janjal chiqdi”, deydi Suat T. 

Uning aytishicha, avtomobilni boshqarayotganda ular o‘rtasida boshlangan mushtlashuv sababli mashinani to‘xtatishga majbur bo‘lgan. 

“Janjal paytida aniq nima qilganimni eslolmayman. O‘zimni yo‘qotib qo‘ygan ekanman. Bir payt uning qonga belanganini ko‘rdim. Birozdan so‘ng u o‘ldi. Vahimaga tushdik. Jasadni katta yo‘ldan biroz ichkariga olib kirib, mashinadan tushirdik. Chuqur qaza olmadik. Ustini tuproq bilan ko‘mib, u yerdan qochib, Istanbulga qaytdik. Qotillikdan so‘ng ijaraga olgan mashinamizni topshira olmadik. Bir do‘stimni O‘zbekistonga yuborib, unga mashinani topshirishi uchun pul berdim. U qotillik haqida bilmasdi. Avtomobilni ijaraga olgan joyimizga topshirib, qaytib keldi”, deydi u. 


Maqola muallifi

Teglar

qotillik Buxoro Qorovulbozor tumani Turkiyalik tadbirkor chirigan jasad dasht Qodir Tunch

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing