Turkiyalik futbolchining harakati bilan bog‘liq vaziyat tufayli Germaniya elchisi TIVga chaqirtirildi
Sport
−
04 iyul
11101Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) tomonidan o‘yindan keyin turk millatchilarining imo-ishorasini ko‘rsatgan futbolchiga nisbatan boshlangan intizomiy tekshiruv tufayli Germaniyaning Anqaradagi elchisi Yurgen Shuls Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi “UEFA tomonidan olib borilgan ushbu tergovga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini” e’lon qildi va Germaniya rasmiylarining bunga munosabatini “siyosiy va ksenofobiya” deb atadi.
“UEFA 2024 yilgi Yevropa futbol chempionati doirasida 2 iyul kuni Avstriya terma jamoasi bilan o‘yinidan so‘ng terma jamoamiz futbolchisi Merih Demiralga nisbatan intizomiy tergov ochganini qabul qilib bo‘lmaydi”, deyiladi Turkiya TIV xabarida.
Vazirlikning eslatishicha, Germaniya Konstitutsiyasini himoya qilish bo‘yicha Federal tashkilot tomonidan 2023 yil sentyabr oyida e’lon qilingan hisobotda “kulrang bo‘ri” belgisini ko‘rsatadigan har bir odamni o‘ta o‘ng tomon sifatida tavsiflash mumkin emasligi ta’kidlangan.
“Garchi “kulrang bo‘ri” imo-ishorasi Germaniyada taqiqlangan belgi bo‘lmasada, nemis rasmiylarining Demiralning harakatiga munosabati ksenofobiyadan dalolat beradi, biz ushbu tarixiy va madaniy ramzdan foydalanishga siyosiy sabablarga ko‘ra munosabat bildirilganini qoralaymiz”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UEFA Demiralning harakati bo‘yicha tergov boshlagani xabar qilingandi.