Turkiyaga qochib ketgan sobiq general qamaldi
Olam
−
29 aprel 2023
15878Qonli yanvar voqealarida ayblangan Olmaota viloyati politsiya boshqarmasining sobiq rahbari Serik Kudebayev 10 yilga qamaldi. Bu haqda “Tengrinews” nashri xabar berdi.
Keltirilishicha, u Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 362- hamda 146-moddalari bo‘yicha ayblangan. Joriy yilning 27 aprel kuni bo‘lib o‘tgan sudda Kudebayev so‘nggi so‘zini aytgan.
“Men aybdor emasman, xalqimga qarata o‘q uzganim yo‘q, qiynoqlar bo‘lmagan, jabrlanuvchilar buni inkor etmoqda”, degan Kudebayev.
Sud hukmiga ko‘ra, u o‘rtacha xavfsizlikka ega axloq tuzatish muassasasida jazoni o‘taydi. Hukm hali qonuniy kuchga kirmagan.
Ma’lumot uchun, Serik Kudebayev 2020 yil yanvaridan 2022 yil yanvarigacha Olmaota viloyati politsiyasini boshqargan. Qonli yanvar voqealarida 58 yoshli Serik Kudebayev mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil yanvardagi tartibsizliklar paytida u Olmaota viloyati komendanti sifatida politsiya bo‘limi binosini tark etgan. Oqibatda qo‘zg‘olonchilar u yerdan qurol o‘g‘irlab ketgan.
Eslatib o‘tamiz, Olmaota viloyati politsiyasining sobiq rahbari Serik Kudebayev Bishkek orqali Istanbulga qochib ketgan edi. Buning ortidan Qirg‘iziston chegarani noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan edi. Keyinchalik general Kudebayev Istanbulda qo‘lga olinib, Qozog‘istonga olib kelingan va buni mamlakat Bosh prokurori Berik Asilov rasman tasdiqlagan edi.
LiveBarchasi