Turkiyaga borayotganlar mahalliy qonunlarni buzish oqibatlaridan ogohlantirildi
Jamiyat
−
06 fevral
5328O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi fuqarolarni ogohlikka chaqirdi va chet davlatlardagi qonunni bilmaslik ularni javobgarlikdan ozod etmasligini eslatdi. Bu haqda bugun, 6 fevral kuni Bosh konsulxonaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida rasmiy bayonot e’lon qilindi.
“Oramizda chet elga vaqtinchalik yashashga yoki sayyoxat uchun chiqqandan keyin diqqatga sazovor joylarda suratga tushishni istamaydigan odam bo‘lmasa kerak. Ammo bu bilan cheklanmaydigan qiziquvchan sayyohlarimiz xam uchrab turadi. Borgan mamlakati muhitining suratlarda yaxshiroq aks etishi uchun ko‘p narsalarni obektiv orqali muhrlashga harakat qilib, ba’zida jarima yoki jazoga tortilishi ham mumkin”, deyiladi xabarda.
Bosh konsulxona har bir mamlakatning suratga olish-olmaslik borasida o‘z tartib qoidalari borligini eslatdi va Turkiyada mahalliy aholini so‘ramasdan suratga olish va uni tarqatish qat’iyan man qilinishini qo‘shimcha qildi.
“Ayniqsa, mahalliy ayollarni suratga olish mumkin emas. Bu shaxsiy xayotga tajovuz, deb hisoblaniladi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, ushbu qonunni buzganlik uchun ozodlikdan mahrum qilinish mumkin.
“Afsuski, fuqarolarimiz orasida ham mazkur qonunni buzib, Istanbulning Moltepa tumanidagi jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotganlar ham yo‘q emas. Hozirda Bosh konsulxona fuqarolarimizni ozod etib, ularni vatanga qaytarish uchun kerakli ishlarni olib bormoqda. Hurmatli vatandoshlar, muayyan bir davlatga tashrif buyurishdan avval u yerdagi qonun-qoidalar bilan qiziqish maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Istanbuldagi Bosh konsulxona Turkiyada soxta guvohnomalar tayyorlab, firibgarlik qilayotganlardan ogohlantirgandi.
LiveBarchasi