Turkiyadan Suriyaga 81 mingdan ortiq qochqin qaytdi
Olam
−
29 yanvar
18172024 yilning 9 dekabrida Suriyada hukumat o‘zgarganidan beri 81 mingdan ortiq suriyalik Turkiyadan o‘z vataniga qaytdi. Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vazirligi rahbari Ali Yerliqoya jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Uning aytishicha, 2017 yildan buyon Suriyaga 821 ming 529 kishi o‘z ixtiyori bilan qaytgan. Suriyaliklardan tashqari Turkiyada yashash ruxsatiga ega 1,06 million xorijlik qolmoqda, 190 ming kishi esa xalqaro himoyada.
“Bugungi kunda Turkiyada qolayotgan 4,1 million xorijlikdan 2,86 million suriyalik sanaladi”, degan u.
Shuningdek, u 81 viloyatda 270 ta mobil migratsiya avtomashinalari tashkil qilingani, u orqali 2023 yil iyulidan 2024 yil oxirigacha 2 million 647 ming 963 kishining shaxsi tekshirilgani haqida gapirgan.
“Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashdagi asosiy maqsadimiz uning mamlakatimiz tomon tortishish kuchini yaratishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Migratsiya global miqyosda mas’uliyat talab qiladigan masala. Biz, ayniqsa, qo‘shnilarimiz bilan uchrashuvlarimizda hamkorlikka katta ahamiyat beramiz”, deya qo‘shimcha qilgan Yerliqoya.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan Suriyaning yangi yetakchisi Ahmad ash-Shara yaqin kunlarda qo‘shni Turkiyaga ilk tashrifini amalga oshirishi haqida xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tashrif Suriyada inqilob davrida Turkiyaning muxolifat kuchlarga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirish ramzi sifatida amalga oshiriladi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


