Turkiyadagi o‘zbeklar saylovdan xabardormi?
Jamiyat
−
30 iyun 2023 4769 3 daqiqa
9 iyul kuni mamlakatda muhim siyosiy jarayon – muddatidan ilgari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Bir muddat avval Turkiyaning Istanbul shahrida sayohatda bo‘lib qaytgan QALAMPIR.UZ jamoasi u yerdagi o‘zbeklarning bu jarayondan xabardor yoki yo‘qligini bilmay qaytmadi.
Chunki Turkiyaga borayotgan o‘zbekistonliklarning katta qismi ham aynan Istanbulda qo‘nim topadi. Bunda aksariyat yoshlar o‘qish istagida borsa, ayollarning ko‘pchiligi bolalar va keksalar parvarishi bilan shug‘ullanadi. Erkaklar esa asosan bozorda tirikchilik qiladi.
Istanbuldagi “Lalili” bozorini bilmaydiganlar kam topiladi. O‘zbekistonliklar bilan gaplashish uchun “Lalili”ga borganimizda mahalliy turk savdogarlari o‘zbeklarni “Qumkapi”dan topishimiz mumkinligini aytdi. U yer allaqachon “O‘zbeklar bozori” deb nom olishga ulgurgan.
Xo‘sh, bugungi kunda Istanbul shahrida yashayotgan, ishlayotgan va o‘qiyotgan o‘zbekistonliklar prezidentlik saylovining qachon bo‘lib o‘tishini biladimi, nomzodlarni taniydimi va saylovda o‘z ovozlari bilan ishtirok etadimi? QALAMPIR.UZ muxbiri aynan shu savollar bilan o‘zbeklarga yuzlandi.
“Xabarimiz bor, 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Nomzodlardan esa faqat ikki kishini taniyman – Prezident Shavkat Mirziyoyev va bir ayol kishini taniyman”, deydi Turkiyada o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talaba.
“Saylovdan xabarimiz bor. Lekin aniq sanasini bilmaymiz”, deya javob berdi Istanbulda savdo bilan shug‘ullanuvchi ikki o‘zbek ayoli.
Shuningdek, olimpia musobaqasi sabab Turkiyada bo‘lib turgan ikki sportchi ham muxbirning saylov haqidagi savollariga quyidagicha javob berdi:
“Saylov iyul oyida bo‘lib o‘tadi. Nomzodlarning hammasini taniymiz. Ismlarini aniq eslolmasligimiz mumkin, lekin to‘rt nafar nomzod borligini bilamiz. Masalan, nomzodlardan biri oldin Xalq ta’limi vaziri bo‘lgan. Shavkat Mirziyoyevni esa hamma taniydi”.
“Uchta nomzodni taniyman - Shavkat Mirziyoyev, Ulug‘bek Inoyatov va bir ayol kishi”.
Shuningdek, so‘rovnoma davomida QALAMPIR.UZ mikrofon tutgan o‘zbekistonliklarning juda ko‘pchiligi saylov kunini bilmasligi va nomzodlarni ham tanimasligini yashirib o‘tirmadi.
“Saylov kunidan xabarim yo‘q. Nomzodlarni ham umuman tanimayman”.
Albatta, ular orasida kameradan qochgan, gapirishni istamaganlari ham ko‘p bo‘ldi. Bu esa ularning aksariyati noqonuniy shaklda faoliyat olib borishi bilan bog‘liq. Ayni vaqtda Turkiyada qonuniy tarzda ishlayotgan fuqarolar 70 mingan ortiq. Umumiy hisobda Turkiyada bo‘lib turganlar esa 350 mingdan ortiqni tashkil etadi.
O‘zi umuman, Turkiyadagi o‘zbeklarni saylovga jalb qilish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Ular qayerda va qachon ovoz berishlari mumkin? Mazkur savollar ochiq qolmasligi uchun O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi birinchi kotibi Sherzod Abdunazarovga mikrofon tutdik.
“Turkiyada O‘zbekistonning ikkita diplomatik vakolatxonasi mavjud. Bular - O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi va Istanbuldagi Bosh konsulxona. Fuqarolarimizga qulaylik yaratish maqsadida o‘zbeklar ko‘p yashaydigan tumanlarda muddatidan oldin ovoz berish jarayoni o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqdagi ma’lumot esa hammaga tarqatilgan”, deydi konsullikning birinchi kotibi.
“Saylovga ovoz berish uchun borasizmi?” degan savolga ko‘plab o‘zbeklar garchi nomzodlarni tanimasada borishini, o‘z ovozi bilan ishtirok etishini aytib javob bergan bo‘lsa, ba’zilar ishi ko‘pligi sababli borolmasligini aytdi.
Turkiyaga sayohat uchun kelgan onaxon esa saylov varaqasini oila a’zolariga berib kelgan.
“Qog‘ozlarimizni uydagi bolalarimizga tashlab keldim. Boshqa ilojimiz yo‘q”, dedi onaxon.
Live
Barchasi