Turkiyadagi o‘zbekistonlik kelin hech qayerga qochib ketmagan – Bosh konsullik
Jamiyat
−
17:25 1102 2 daqiqa
Avvalroq, Turkiyaning Mug‘la viloyati Milas tumanida O‘zbekiston fuqarosi, 28 yoshli M.B. uch kecha-yu, uch kunduz davom etgan to‘yidan so‘ng uyda qolgan tilla va ziynat buyumlari bilan birga g‘oyib bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, M.B. hech qayerga qochib ketmagan va hozirda Milas hududida. U o‘z ixtiyori bilan mahalliy politsiya bo‘limiga borib, holat yuzasidan ko‘rsatma bergan.
Ma’lum qilinishicha, M.B. o‘ziga nisbatan bildirilgan da’volarni rad etib, to‘yda taqilgan tilla buyumlarni onasi bilan birgalikda qaynotasiga topshirganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qaynotasi keyinchalik ushbu tillalarni kredit va boshqa qarzlarini to‘lash uchun sotganini o‘zaro yozishmalarda qayd etgan.
M.B. tegishli yozishmalar hamda tilla buyumlarni topshirish jarayoni aks etgan videomateriallarni Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etganini ma’lum qilgan. Ayni paytda tomonlarning o‘zaro da’volari yuzasidan Turkiyaning vakolatli organlari tomonidan surishtiruv davom ettirilmoqda.
“Shu munosabat bilan, tergov yakuniga qadar holat yuzasidan bir tomonlama xulosa chiqarish hamda tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatishdan tiyilish so‘raladi. O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi vaziyatni kuzatib bormoqda hamda zarurat tug‘ilganda fuqaroga belgilangan tartibda konsullik-huquqiy ko‘mak ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik 36 yoshli ayol 56 yoshli sevgilisi Rajab O‘nderdan 900 000 turk lirasi (taxminan 20 000 dollar) olib, uni aldab ketgani haqida xabar berilgan edi. Keyinchalik ayol bu iddaoni rad qilib, undan bu miqdordagi pulni olmaganini bildirgan. Keyinroq u hibsga olindi va O‘zbekiston tomoni, xususan, “O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati” hamda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi yordamida ozodlikka chiqdi.