Turkiyadagi namoyishlarning uchinchi kunida 343 kishi hibsga olindi
Olam
−
22 mart
2705Turkiyada Istanbul hokimi va muxolifat yetakchisi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan namoyishlar davom etmoqda. Kecha, 21 mart kuni kechqurun namoyishchilar taqiqga qaramay, mamlakatning yirik shaharlarida uchinchi marta to‘plandi. Buning ortidan 343 kishi hibsga olindi. Bu haqda bugun, 22 mart kuni Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
“Kecha kechqurun Istanbul, Anqara, Izmir, Adana, Antaliya, Chanakkale, Eskishehir, Konya va Edirne shaharlarida bo‘lib o‘tgan namoyishlarda 343 gumondor qo‘lga olindi”, deb yozdi vazir.
Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an namoyishlarni “ko‘cha terrori” va “tartibsizlik” deb atadi.
DPA axborot agentligi xabariga ko‘ra, juma kuni Istanbulda namoyishchilar nafaqat Imomo‘g‘lini ozod etish, balki hukumat iste’fosini ham talab qila boshlagan.
Politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan, namoyishchilar yarim tungacha tarqalmagan. Ularni ilgari Turkiyaning yirik shaharlarida namoyishlar o‘tkazish taqiqlangani ham to‘xtata olmadi.
“Politico”ning yozishicha, bir kun avval X ijtimoiy tarmog‘i turkiyalik faollarning namoyishlar haqidagi ma’lumotlar tarqatilayotgan akkauntlarini bloklashni boshlagan.
“Katta ehtimol bilan bu Turkiya sudi qarori bilan amalga oshirilmoqda”, deb yozadi nashr.
Ichki ishlar vaziri Yerliqoyaning 21 mart kuni ma’lum qilishicha, xavfsizlik kuchlari ijtimoiy tarmoqlarda “jinoyatga undash”da gumon qilingan 326 nafar shaxsni aniqlagan, 54 kishi qo‘lga olingan.
Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi
19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.
Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.
Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi ekanini ma’lum qilgan.
Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.
LiveBarchasi
24 mart
Do‘rmonga o‘t ketdi.
24 mart
Trenddagilar



