Turkiyada zilziladan so‘ng talonchilik qilgan 48 kishi hibsga olindi
Olam
−
12 fevral 2023 20037 2 daqiqa
Turkiyada 6 fevral kuni sodir bo‘lgan zilzilalardan so‘ng talonchilik qilgan 48 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda “Yeni Akit” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchilar respublikaning sakkiz viloyatida qo‘lga olingan. Hozirda ular so‘roq qilinmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Turkiyaning janubi-sharqidagi o‘nta viloyatda favqulodda holat e’lon qilinganidan so‘ng, prokurorlar talonchilik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun odamlarni qo‘shimcha uch kunga hibsga olishlari mumkin.
“Bundan buyon talonchilik yoki odam o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan odamlar bilishi kerakki, davlatning mustahkam qo‘li ularni bosib o‘tadi”, deydi Turkiya Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqida (mahalliy vaqt bilan 04:17 da – 7,7 ball va 13:24 da – 7,6 ball) magnitudasi yetti balldan ortiq bo‘lgan ikkita zilzila sodir bo‘ldi. Vayronkor zilzila qo‘shni davlatlar, jumladan, Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Kipr Respublikasi va Iroqda ham sezildi.
Shundan so‘ng, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyada tabiiy ofat qurbonlari munosabati bilan yetti kunlik motam e’lon qildi. Turkiya davlat bayroqlari butun mamlakat bo‘ylab yarimga tushirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila oqibatlarini bartaraf etishda faol ishtirok etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan dastlab 100 kishilik qidiruv-qutqaruv guruhi, joriy yilning 9 fevral kuni 71 kishilik ikkinchi guruh Turkiyaga yuborildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston joriy yining 6 fevral kuni kuchli zilziladan aziyat chekkan Turkiyaga insonparvarlik yordami jo‘natgan edi.
Live
Barchasi