Donnarummaga pichoq tirashgan: Parijdagi talonchilik tafsilotlari ochildi
Sport
−
16:01 590 2 daqiqa
“Manchester Siti” va Italiya terma jamoasi darvozaboni Janluiji Donnarummaga Parijdagi uyiga bosqin vaqtida mis “kastet” bilan kaltaklangan va pichoq bilan tahdid qilingan. Bu haqda “The Telegraph” nashri xabar berdi.
2023 yilda sodir bo‘lgan voqeaning tafsilotlari Parij jinoiy ishlar bo‘yicha sudida o‘tkazilgan majlisda ma’lum bo‘lgan.
2023 yil yozida o‘sha vaqtda “Pari Sen-Jermen”da o‘ynagan Donnarumma va uning sevgilisi, hozirda rafiqasi bo‘lgan Alessiya Elefante Parijdagi Monten avenyusida joylashgan xonadonga bosqinchilar kirganida uyg‘ongan. O‘sha paytda Elefante homilador bo‘lgan.
Donnarummaning ko‘rsatmalariga ko‘ra, bosqinchilar uning yuziga mis “kastet” bilan urgan va pichoq bilan qo‘rqitgan.
Elefantening aytishicha, bosqinchilar undan seyf kodini talab qilgan. U esa kodni bilmasligini va seyfning o‘zi ham bo‘sh ekanini aytgan.
“Ular men yolg‘on gapirayapman, deb o‘ylab, jahl qilishdi. Sochlarimdan tortishdi va ulardan biri sonlarimga urdi. Men ularga homilador ekanimni aytdim, ammo ular to‘xtamadi”, deydi Elefante.
Oxir-oqibat Donnarumma seyf kodini bergan, biroq Elefante aytganidek, seyf bo‘sh bo‘lib chiqqan. Talonchilik vaqtida futbolchidan qimmatbaho soatlar, zargarlik buyumlari va sumkalar, shuningdek, naqd pul hamda Mercedes va Lamborghini avtomobillarining kalitlari o‘g‘irlangan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rt nafar bosqinchi narvon yordamida tomga chiqib, balkonga tushgan va keyin derazalarni sindirib, xonadonga kirgan.
Tergovchilar talonchilikni qamoqda bo‘lgan Ilyas Xerbush va Xian Mamun tashkil qilgan, deb hisoblamoqda. Ikki gumondor ham ayblovlarni rad etmoqda.
Bosqinchilardan ikki nafari o‘sha vaqtda voyaga yetmagan bo‘lgan. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha sud ularni uch va to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qilgan.
Yana bir gumondor 2024 yilda qamoqxonada o‘z joniga qasd qilgan. U jinoyatga aloqadorligini tan olgan, ammo sheriklarining bosimi ostida harakat qilganini aytgan.
Ma’lumot uchun, Donnarumma 2025 yilda “Pari Sen-Jermen”ni tark etgan. Hozirda italiyalik posbon Abduqodir Husanov to‘p tepadigan “Manchester Siti” futbolchisi hisoblanadi.
Live
Barchasi