Turkiyada janozaga kelgan odamlarni yuk mashinasi bosib qoldi (video)

Olam

image

Turkiyaning Qahramonmarash viloyatida yuk mashinasi dafn marosimiga yig‘ilganlarni bosib qoldi. Bu haqda “TRT Haber” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Qahramonmarash–Andirin yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan yuk mashinasi Kavakli qabristonida yonidan o‘tayotganda tormoz qismidagi nosozlik sabab boshqaruvni yo‘qotgan va shu payt janozaga yig‘ilgan odamlarning ustiga yiqilgan. Oqibatda 4 kishi voqea joyida halok bo‘lgan, yana 25 nafar odam jarohatlangan. 

Adliya vaziri Yilmaz Tunchga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi ehtiyot chorasi sifatida hibsga olingan. 

“Hodisa yuzasidan sud tergovi qo‘zg‘atilib, voqea ko‘lami inobatga olingan holda ikki nafar prokuror tayinlandi va gumonlanuvchi qamoqqa olindi. 4 kishi halok bo‘lgan, 25 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Qurbonlar soni ortmaydi, degan umiddamiz”,  deydi Yilmaz Tunch.

Voqeaga bevosita guvoh bo‘lganlarning bildirishicha, yuk mashinasi yo‘lning tepalikka chiqib qayrilish qismida boshqaruvni yo‘qotib, avvaliga yo‘l chetidagi 3-4 ta avtomobilga borib urilgan. Mashinalar esa janoza namoziga saflanayotgan yuzlab odamlar tomonga yurib ketgan. Yuk mashinasi harakatni davom ettirib, odamlar ustiga yiqilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning markaziy qismidagi Yozgat viloyatida yo‘lovchi avtobusining halokatga uchrashi oqibatida 12 kishi halok bo‘lgani va 19 nafar odam jarohatlangani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Antaliya shahrida sayyohlik mikroavtobusi va yuk mashinasi to‘qnashishi oqibatida 2 kishi halok bo‘lib, 12 kishi tan jarohati olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Qahramonmarash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing