Turkiyada o‘rmon yong‘ini davom etmoqda
Olam
−
23 avgust 2023
2803Turkiya g‘arbida, Dardanel bo‘g‘ozi yaqinidagi Chanoqqal’a viloyatida 1,5 ming gektar maydonni egallagan yirik tabiiy yong‘inni o‘chirishga 2,7 mingga yaqin odam jalb qilindi. Bu haqda respublika Ichki ishlar vazirligi rahbari Ali Yerliqoya ma’lum qildi.
“Chanaqqal’adagi tabiiy yong‘inni o‘chirish ishlari to‘xtovsiz davom etmoqda, ularga Favqulodda vaziyatlar departamenti kuchlari, munitsipalitetlar va maxsus bo‘linmalar jalb qilingan. Yong‘inni o‘chirish uchun 2659 kishi, 8 samolyot, 26 vertolyot, qariyb 640 yer texnikasi ishlamoqda. Viloyatdagi 9 ta qishloqdagi 337 ta xonadondan 1251 kishi profilaktika maqsadida evakuatsiya qilindi. Shuningdek, Sarijaeli qishlog‘idagi qariyalar uyidan 72 kishi evakuatsiya qilindi”, deb yozgan vazir X ijtimoiy tarmog‘ida.
Shuningdek, u yong‘in aviatsiyasi tomonidan olovni o‘chirishni ta’minlash uchun Dardanel bo‘g‘ozida navigatsiyani vaqtincha to‘sib qo‘yganini bildirgan.
Chanoqqal’adagi yong‘in kecha, 22 avgust kuni tushdan keyin boshlangan va kuchli shamol ta’sirida aholi punktlariga yaqinlashib, katta maydonni qamrab olgan. Yong‘in sabablari hozircha aniqlanmagan, rasmiylar unga inson omili sabab bo‘lganini istisno qilmayapti.
Ob-havo ma’lumotlariga ko‘ra, bugun, 23 avgust kuni Chanoqqal’a viloyatida havo harorati 30 darajadan oshgan va tezligi soatiga 30 dan 60 kmgacha bo‘lgan shamol bilan birga kelgan. Bu yong‘inning tarqalishiga yordam bergan va uni o‘chirishni qiyinlashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Turkiyaning Mug‘la viloyatidagi o‘rmon yong‘ini avj olgandi. Yong‘inni o‘chirishda Mug‘la viloyati o‘rmon xo‘jaligi hududiy boshqarmasi tarkibiga kiruvchi to‘qqiz vertolyot va shuncha samolyot ishtirok etgan. Yerda esa 300 dan ortiq kishi va 60 dan ortiq texnika yong‘inni o‘chirishga harakat qilgan. Yarim soat ichida yong‘in oqibatida 37 gektarga yaqin o‘rmon maydoni yonib ketgan.
LiveBarchasi