Turkiyada sel va dovul oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
21 noyabr 2023
3058Turkiya shimoliga kuchli dovul kelib, 9 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.
Kuchli yomg‘ir va bo‘ron tufayli Batman, Diyorbakir va Zonguldak viloyatlarida odamlar halok bo‘lgan.
“Afsuski, biz 9 nafar vatandoshimizni yo‘qotdik”, deydi Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya.
Uning aytishicha, Zonguldak viloyatida bo‘ron va sel oqibatida turar-joy binolari, davlat muassasalari, infratuzilma va xususiy ob’ektlar zarar ko‘rgan. Shamol 57 ta maktab, 43 ta uy va xususiy mulkning tomlarini uchirib ketgan, sel suvlari binolarning birinchi qavatlari va ekin maydonlarini bosib ketgan, yo‘llarni yuvgan.
“Birinchi bosqichda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun yordam sifatida 50 million lira ajratdik”, degan vazir.
Mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham ofatdan zarar ko‘rganlarga hamdardlik bildirdi.
“Zararni baholash bo‘yicha tadqiqotlarni tezda tugatgandan so‘ng, biz yordam to‘lovlarini amalga oshiramiz”, degan Prezident.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq bortida 12 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan Turkiyaning “Kafkametler” yuk tashuvchi kemasi Zonguldak viloyati qirg‘oqlari yaqinida joylashgan Eregli porti yaqinidagi suv oqimida cho‘kib ketgandi. Bolgariyada ham bo‘ronli shamollar, kuchli yomg‘ir va qor yog‘ishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi.
LiveBarchasi