Turkiyada Rossiya va AQSH vakillari o‘rtasida yopiq muzokaralar boshlandi (video)
Olam
−
27 fevral
3356Bugun, 27 fevral kuni Turkiyada joylashgan Istanbul shahrida Rossiya va AQSH vakillari o‘rtasida yopiq formatdagi muzokaralar boshlandi. Bu haqda “Gazete Pencere” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Istanbulda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da boshlangan.
“AQSHning Istanbuldagi Bosh konsulligi qarorgohidagi uchrashuvlar matbuotga yopiq tarzda o‘tkazilmoqda”, deyiladi xabarda.
RIA Novosti nashriga ko‘ra, uchrashuv davomida ikki davlat vakillari o‘z elchixonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qiladi.
”Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, tomonlar ikki davlat diplomatik vakolatxonalari faoliyatiga taalluqli bir qator muammoli masalalarni muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Yig‘ilishda yuqori darajali ekspertlar AQSHning sobiq prezidenti Jo Baydenning avvalgi ma’muriyati tomonidan yaratilgan tizimli muammolarni ham ko‘rib chiqadi. Ukrainadagi mojaro va muzlatilgan Rossiya aktivlari mavzulari muhokama qilinmaydi”, deyiladi rus nashrida.
Eslatib o‘tamiz, ushbu uchrashuvning birinchi bosqichi 18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgandi. Amerika va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar doirasida AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov uchrashdi. Davlat kotibi Rubio bilan birga Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts va Tramp tomonidan ikki tomonlama munosabatlarni qayta tiklash uchun tanlangan maxsus elchi Stiv Uitkoff ham ishtirok etgan. Lavrovga esa Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov hamrohlik qilgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

