Turkiyada odam o‘ldirishga uringan 13 yashar bola o‘zbekistonlik emas – Bosh konsulxona
Olam
−
27 avgust 2025 5685 1 daqiqa
Kecha, 26 avgust kuni 13 yashar o‘zbekistonlik bola Turkiyada opasining 26 yoshli sevgilisiga uyining oldida pichoq bilan og‘ir tan jarohati yetkazgani xabar qilingandi. Ushbu xabarlar ortidan O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi munosabat bildirdi.
Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan o‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, mazkur holat joriy yil 22 avgust kuni Istanbuldan 521 km olisdagi Oqsaroy viloyatida sodir bo‘lgan.
“Voqea ishtirokchilarining hech biri O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi emas, ular boshqa davlat fuqarolari hisoblanadi. Ayblanuvchi 2012 yilda tug‘ilgan S.T., jabrlanuvchi esa 2000 yilda tug‘ilgan M.O.”, deyiladi xabarda.
Bosh konsulxona ba’zan boshqa davlat fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ayrim OAVda O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘langan holda yoritilishi mamlakat fuqarolari imijiga salbiy ta’sir etayotganini qad etgan.
“Vatandoshlarimizdan mahalliy qonunlarga qat’iy rioya etishlari, favqulodda holatlarda esa Bosh konsulxonaga murojaat qilishlari tavsiya etiladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 avgust kuni Turkiyaning o‘zbekistonliklar eng ko‘p istiqomat qiladigan megapolisi Istanbulning Umraniye tumanida o‘zbekistonlik 33 yashar Nigina Sattorova turmush o‘rtog‘i Umid Sattorov tomonidan bo‘g‘zidan pichoqlab o‘ldirilgani haqida xabar berilgan edi. Marhuma O‘zbekistonning Samarqand viloyatidan bo‘lgan va Istanbulda vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.
Live
Barchasi