Turkiyada Netanyaxu Interpol orqali xalqaro qidiruvga berildi

Olam

image

Bugun, 14 iyul kuni Istanbulning 11-Oliy jinoyat sudi Tel-Aviv tomonidan G‘azo sektori uchun insonparvarlik yordami olib ketayotgan flotiliyaning to‘xtatib qolinishi munosabati bilan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha xalqaro order berish haqida qaror chiqardi. Bu haqda “Hürriyet Daily News” xabar berdi.

Qayd etilishicha, sud Isroil Bosh vaziriga nisbatan Interpol orqali “qizil bildirishnoma” (Red Notice) chiqarishga qaror qilgan. Shuningdek, gap G‘azoga yordam yetkazishga uringan “Global Sumud Flotilla” (GSF) insonparvarlik flotiliyasi haqida bormoqda. Aprel oyida Istanbul prokuraturasi flotiliya kemalarining qurolli ravishda egallab olinishi munosabati bilan 35 kishiga, jumladan, Netanyaxuga nisbatan ayblov xulosasini e’lon qilgan edi. 

Idora ularning har birini umrbod qamoq jazosiga hamda 1102 yil-u 9 oydan 4596 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilishni talab etgan. Prokuratura Isroil harakatlarini “xalqaro huquqning asosiy normalarini ochiqdan-ochiq va qo‘pol ravishda buzish, shuningdek, kemalarni majburiy to‘xtatish, tinch aholini kuch va zo‘ravonlik ishlatgan holda ushlab turish, jismoniy zo‘ravonlik hamda inson qadr-qimmatiga to‘g‘ri kelmaydigan muomala bilan kuzatilgan holat” deb baholagan.

Figurantlar orasida Netanyaxudan tashqari Isroil Mudofaa vaziri Israel Kats, uning o‘tmishdoshi Yoav Galant, Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir, Bosh shtab boshlig‘i Eyal Zamir va boshqalar bor.

Ularga “insoniyatga qarshi jinoyatlar”, “genotsid”, “ozodlikdan mahrum qilish”, “qasddan badanga shikast yetkazish”, “qiynoqqa solish”, “bosqinchilik”, “mulkni yo‘q qilish yoki shikastlash” va “transport vositasini egallab olish” ayblovlari qo‘yilmoqda. Isroil tomoni bu ayblovlarni rad etadi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Turkiyani qoralashga urinishlariga va Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga qaratilgan bayonotlariga qarshi ekanini aytgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing