Turkiyada muxlislar raqib futbolchilariga petarda va pichoq uloqtirdi (video)
Sport
−
07 mart 2023
8812Turkiya chempionati ikkinchi divizionidan o‘rin olgan “Bursaspor” – “Amedspor” uchrashuvi vaqtida mezbon jamoaning muxlislari butun o‘yin davomida mehmon klub futbolchilariga qarata turli xil buyumlar, jumladan, petarda va hatto pichoqlar ham uloqtirdi. Bu haqda “The Sun” xabar berdi.
“Amedspor” klubi asosan kurdlar yashaydigan Diyorbakir shahri jamoasi hisoblanadi. Uchrashuv davomida mezbonlar muxlislari kurdlarga qarshi doimiy bosim o‘tkazib turdi.
O‘yindan so‘ng “Amedspor” klubi ijtimoiy tarmoqlarda video e’lon qildi va mehmon jamoa mutasaddilari holatga “Bursaspor” “hujum”i deb ta’rif berdi. Ma’lum bo‘lishicha, tribunalar ostidagi xonalarda “Amedspor” o‘yinchilari va jamoa xodimlariga mahalliy xavfsizlik hamda politsiya xodimlari ham hujum qilgan.
Tartibsizliklarga qaramay, o‘yin oxirigacha davom etdi va 2:1 hisobida mezbonlarning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Ma’lumot uchun, Turkiya hukumati va Kurdiston Ishchi partiyasi qurolli tuzilmalari o‘rtasida Turkiya tarkibida kurd muxtoriyatini yaratishga doir qarama-qarshiliklar ancha vaqtdan buyon davom etib kelmoqda. 1984 yildan ushbu qarama-qarshilik qurolli to‘qnashuv ko‘rinishini olgan.
“Amedspor” o‘z nomini Diyorbakir shahrining kurdcha nomi “Amed”ga o‘zgartirgach, bu holat Turkiyada bir qancha noroziliklarga sabab bo‘ldi. Mazkur klub o‘yinlari paytida muntazam ravishda turkiyaliklar tomonidan kurdlarga bosim o‘tkaziladi.
LiveBarchasi