Kurs UZS

USD

12 926.51

-9.17

EUR

14 092.48

-72.09

RUB

156.00

-2.8

Turkiyada keng ko‘lamli norozilik namoyishlari boshlandi (video)

Olam

image

Istanbul shahri talabalari shaharning muxolif hokimi va mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Bu haqda “Urfa Haber” xabar berdi.

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, Istanbul universiteti talabalarining norozilik chiqishlari chog‘ida politsiya namoyishchilarga kuch ishlatgan.

Mahalliy jurnalist Kayhan Ayhanning ta’kidlashicha, Ekrem Imomo‘g‘liga qo‘llab-quvvatlov bildirgan talabalar Istanbul universitetida politsiya barrikadalarini yorib o‘tib, Boyazid maydoniga chiqqan. Shuningdek, yuzlab shahar hokimiyati xodimlari ham hokimiyat binosi oldida yig‘ilgan.

“Ekrem Imomo‘g‘li saqlanayotgan Vatan politsiya bo‘limiga olib boruvchi yo‘llar to‘sib qo‘yilgan. Odamlar barrikadalar oldida to‘planmoqda. Istanbul universiteti talabalari Ekrem Imomo‘g‘liga qo‘llab-quvvatlov bildirish uchun yig‘ildi. Ular politsiya barrikadalarini yorib o‘tib, Boyazid maydoniga chiqdi”, deb yozadi jurnalist X sahifasida.

Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olinganidan keyin ilk bor ijtimoiy tarmoqlarda bayonot e’lon qildi. U “qat’iy ekani” va “shahar aholisi hamda butun Turkiyaga ishonishini” bildirgan. Politsiya xabariga ko‘ra, Imomo‘g‘li kamida to‘rt kun davomida qamoqda qoladi.

Ma’lumot uchun, 18 mart kuni Istanbul universiteti Imomo‘g‘lining diplomini bekor qilganini e’lon qildi. Diplom berishda yo‘l qo‘yilgan xatolik tufayli qabul qilingan bu qaror Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, Imomo‘g‘lini prezidentlikka nomzodini qo‘yish huquqidan mahrum qiladi. Sabab sifatida 1990 yilda Imomo‘g‘lining Shimoliy Kipr universitetidan Istanbul universitetiga noqonuniy ravishda o‘tkazilgani ko‘rsatilgan.

Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun oliy ma’lumot talab etiladi, shu sababli ushbu qaror Imomo‘g‘lining saylovda qatnashish huquqini bekor qiladi. U bilan birga yana 27 kishining diplomlari ham haqiqiy emas deb topilgan.

Turkiyaning asosiy muxolifat partiyasi – “Jumhuriyat Xalq” partiyasi ushbu qarorga parlament darajasida norozilik bildirgan. Bunga javoban Istanbul universiteti Turkiya Oliy ta’lim kengashi (YÖK) Imomo‘g‘lining diplomini soxtalashtirilgan deb topgani va shu asosda bekor qilinganini e’lon qilgan. Ushbu masala yuzasidan barcha hujjatlar Istanbul prokuraturasi va YÖK'ga qo‘shimcha tergov uchun topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li va uning matbuot bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Murat Ongun bugun maxsus operatsiya davomida qo‘lga olinib, sudga olib borilgan. Ish bo‘yicha jami 100 nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida tergov qilinmoqda.

Shundan so‘ng, mamlakatda ijtimoiy tarmoqlarga kirish cheklangan. Bundan tashqari, hokimning hibsga olinishi ortidan Istanbulda 23 martgacha barcha turdagi yig‘ilish, namoyish va mitinglar taqiqlangan.

CNN Turk telekanali  hokimning hibsga olinishi sababini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Istanbulning muxolif hokimi Ekrem Imomo‘g‘li korrupsiya, poraxo‘rlik va tovlamachilik bilan shug‘ullangan tashkilotga aloqadorlikda ayblanib hibsga olingan. Uning uyida tintuv o‘tkazilgan va u politsiya kuzatuvi ostida sud binosiga olib ketilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Turkiya namoyish Ekrem Imomo'g'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing