Turkiyada ISHIDga aloqadorlikda gumonlangan 14 kishi hibsga olindi
Olam
−
09 aprel
4269Turkiyada ISHID terrorchilik guruhi faoliyatiga aloqadorlikda gumon qilingan 14 kishi hibsga olindi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya ma’lum qildi.
“Bosh prokuratura, Xavfsizlik Bosh boshqarmasi va Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan kelishilgan holda to‘rt viloyatda – Eskishehir, Gaziantep, Samsun va Yalovada ISHID bilan hamkorlikda gumon qilingan shaxslarga qarshi politsiya reydlari o‘tkazildi”, deb yozdi vazir X'dagi sahifasida.
Unga ko‘ra, Eskishehirda besh kishi, Yalovada olti kishi, Gaziantepda ikki kishi qo‘lga olingan, bir nafar gumondor esa Samsunda qo‘lga olingan.
Bildirilishicha, Turkiya huquq-tartibot idoralari xodimlari ISHID va uning mamlakatdagi yacheykalari tarafdorlari va yetakchilarini aniqlash ustida doimiy ish olib bormoqda. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil davomida respublikada ushbu terrorchilik tashkilotining 3 mingga yaqin tarafdorlari qo‘lga olingan. Ulardan ba’zilari hibsga olindi, ko‘plari ekstraditsiya qilindi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya shimoli-g‘arbidagi Sakarya viloyatida 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan munitsipal saylovlar oldidan teraktlar tayyorlashda gumon qilingan 33 kishi ushlangandi. Keyinchalik Turkiya maxsus xizmatlari ISHID terrorchilik guruhi bilan aloqadorlikda gumonlangan 51 kishini qo‘lga oldi. O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Turkiyada O‘zbekiston fuqarosi terrorchilikda gumonlanib qo‘lga olinganini ma’lum qildi.