Turkiyada Instagram qayta tiklandi
Olam
−
11 avgust
1778Turkiya hukumati 9 kunlik blokirovkadan keyin kecha, 10 avgust kuni Instagram’ga kirishni qayta tikladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Unga ko‘ra, kompaniya hukumatning xavotirlarini bartaraf etish uchun rasmiylar bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lganidan keyin ijtimoiy media platformasiga kirishni tiklaganini ma’lum qildi.
“Instagram rasmiylari bilan olib borgan muzokaralarimiz natijasida biz platformaga kirish uchun o‘rnatilgan blokni olib tashladik. Albatta, bunga katalog jinoyatlari va foydalanuvchilarga qo‘yilgan senzura bo‘yicha bizning talablarimizni qondirish uchun ular birgalikda ishlashga va’da berganlaridan keyin erishdik”, degan mamlakat Transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir O‘ralo‘g‘li.
Nashrning yozishicha, Turkiya ijtimoiy media platformasiga kirishni mamlakat qonun-qoidalari va jamoatchilik tartibiga rioya qilmagani uchun bloklagan. To‘qqiz kunlik taqiq o‘z mijozlariga platforma orqali murojaat qiladigan foydalanuvchilar va kichik biznes vakillarining noroziliklariga sabab bo‘ldi.
Turk qonunchiligidagi katalog jinoyatlari qotillik, jinsiy tajovuz, giyohvand moddalar savdosi, suiiste’mol qilish va qiynoqlar kabi harakatlarni o‘z ichiga oladi.
“Statista” platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya Instagram’dan foydalanish bo‘yicha dunyoda 57 milliondan ortiq foydalanuvchisi bilan Hindiston, AQSH, Braziliya va Indoneziyadan keyin beshinchi o‘rinda turadi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 2 avgust kuni Turkiyada Instagram ijtimoiy tarmog‘iga kirish bloklab qo‘yildi. Unga kirish Turkiya axborot texnologiyalari va aloqa boshqarmasi qarori bilan bloklangandi. Rasmiylar ushbu platforma nima uchun cheklangani haqida hech qanday ma’lumot taqdim etmagandi. Turkiya rasmiylari qarori HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniya o‘limi bilan bevosita bog‘liq, deb taxmin qilingandi. O‘shanda Instagram Xoniya o‘limi munosabati bilan hamdardlik posti joylagan akkauntlarni umumiy bloklay boshlagan. Bunga javoban esa turk hukumati Instagram’ning o‘ziga nisbatan taqiq joriy qilgan bo‘lishi mumkinligi haqida yozilgandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr