Turkiyada “Chuqur” seriali yulduzi qo‘lga olindi
Madaniyat-san’at
−
14:39 6089 2 daqiqa
Turkiyaning Bakirko‘y tumani prokuraturasi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bo‘yicha 18 kishini ushlab turish haqida qaror chiqardi. Bu haqda mahkama matbuot xizmatiga tayanib, TRT Haber xabar berdi.
Qayd etilishicha, xabar e’lon qilingan vaqtga kelib politsiyachilar 15 kishini ushlagan. Ular orasida o‘zbekistonlik tomoshabinlarga “Muhtasham yuz yil” va “Chuqur” seriallari orqali tanish bo‘lgan aktyor Aras Bulut Iynemli ham bor.
Nazorat organi ma’lumotlariga ko‘ra, bugun, 18 sentyabr kuni Istanbul jandarmeriyasiga ish bo‘yicha gumonlanuvchilarga – aktyorlar, xonandalar, tadbirkorlar, ko‘ngilochar maskanlar egalari va blogerlarga nisbatan qo‘lga olish, tintuv va biologik ekspertizalar o‘tkazish topshirilgan. Shundan so‘ng, ular ko‘rsatma berish uchun prokuraturaga olib borilishi zarur.
Ma’lumot uchun, Aras Bulut Iynemli – taniqli turk aktyori. U “7-bo‘lmadagi mo‘’jiza” filmi, shuningdek “Chuqur” va “Muhtasham yuz yil” seriallari orqali dunyoga mashhur bo‘lgan.
Iynemlidan tashqari, gumonlanuvchilar ro‘yxatiga aktrisa Melis Sezen, sobiq futbolchi Hasan Shash va reper Sefo (Seyfullah Sag‘ir) ham kiritilgan. Avvalroq, ushbu tergov doirasida xonandalar Sila Gencho‘g‘li va Ilyos Yolchintosh, shuningdek prodyuser Fotih Aksoyning xonadonida tintuv o‘tkazilgan. Ulardan biologik namunalar olingan, Yolchintoshning o‘zi esa keyinchalik ishning boshqa uch nafar figuranti bilan birga hibsga olingan.
“Hürriyet” nashrining yozishicha, ishda aktrisalar Afra Saracho‘g‘li va Nilpari Shahinkaya, shuningdek jurnalist Yag‘iz Sabunjuo‘g‘li ham ishtirok etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning fevral oyida Istanbul Respublika Bosh prokuraturasi huzuridagi Kontrabanda, narkotik va iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish byurosi tomonidan olib borilgan tergov doirasida 17 kishi hibsga olingandi. Ularning orasida bir nechta mashhur nomlar ham bor edi.
Mart oyida esa turk aktrisasi va modeli Hande Erchel ham giyohvand moddalar bo‘yicha ayblovlarni rad etgandi. U prokuraturada ko‘rsatma berish chog‘ida hayotida hech qachon taqiqlangan moddalarni iste’mol qilmaganini aytgan.
Live
Barchasi