Weekend: “Sulton Sulaymon” va “Alicho” sirlari, Ukrainani unutgan Tramp, tubsiz yadroviy bahs

Tahlil

“Sulton Sulaymon” va “Alicho” qamoqda

Mashhur turkiyalik aktyorlar mamlakat tarixidagi eng katta norozilik namoyishlaridan biri bo‘lgan Gezi parki voqealariga aloqadorlikda ayblanib, qamoq jazosiga hukm qilindi. Bular “Muhtasham yuz yil” serialida Sulton Sulaymon rolini ijro etgan Halit Ergench va “Chuqur” serialidagi Alicho roli orqali ko‘plab yoshlarning sevimli qahramoniga aylangan Riza Kojao‘g‘lidir. Ular “yolg‘on guvohlik berish” jinoyatida aybli deb topilib, ozodlikdan mahrum etildi. Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan tayyorlangan ayblov xulosasida Halit Ergench va Riza Kojao‘g‘li “shubhalanuvchi” sifatida ko‘rsatilgan. Ular 2013 yilda bo‘lib o‘tgan Gezi Parki voqealari bo‘yicha ayblanayotgan aktyor va norozilik namoyishlarining asosiy drayveri bo‘lgan Mehmet Ali Alabora bilan aloqalari bor-yo‘qligi haqida avvalroq guvohlik bergan, ammo bu guvohliklar haqiqatga zid bo‘lgani qayd etildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, Ergench va Kojao‘g‘li o‘z bayonotlarida Alabora bilan faqat san’at doirasida tanish bo‘lganini bildirgan, boshqa tomonlama aloqalari yo‘qligini aytishgan. Biroq 2013 yildagi Gezi voqealari davrida ular o‘rtasida ko‘plab bog‘lanishlar bo‘lgani mobil aloqa yozuvlari orqali aniqlangan. Xususan, “Muhtasham yuz yil” seriali yulduzi Halit Ergench Alabora bilan 12 marta, Kojao‘g‘li esa 1 marta aloqada bo‘lgani o‘z isbotini topgan. Bu ham yetmaganidek, ular Gezi Parki norozilik namoyishlarida Alabora bilan birga ishtirok etgani aks etgan suratlar va videolar ham mavjudligi aytilmoqda. Prokuratura ularning yolg‘on guvohlik berib, tergovni chalg‘itganini e’tiborga olib, 2 yildan 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan edi. Sud esa Halit Ergenchni 1 yil-u 10 oy 15 kun, Riza Kojao‘g‘lini esa 1 yil-u 8 oyga ozodlikdan mahrum etdi. Sud ushbu qaror orqali guvohlik berishda rostgo‘ylikning muhimligi va yolg‘on guvohlik jiddiy jinoyat ekanini ta’kidlagan. Ammo ularga chiqarilgan sud hukmining ijrosi kechiktirilgan. Bu esa keyinchalik ikki mashhur aktyorga o‘zlariga chiqarilgan hukmni o‘zgartirilishi uchun yaxshigina imkoniyat taqdim etadi.

Ma’lumot uchun, Gezi Parki norozilik namoyishlari 2013 yil 28 may kuni Istanbuldagi Gezi Parkida boshlangan edi. Bu harakat so‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalariga senzura, avtoritarizm kabi ijtimoiy muammolar va Erdo‘g‘anning siyosatiga qarshi yirik norozilik harakatiga aylangan. Ushbu jarayonning harakatlantiruvchi kuchlari esa asosan san’at sohasi vakillari bo‘lgani bois mazkur namoyishlar Turkiya tarixidagi eng katta ommaviy norozilik harakatlaridan biriga aylandi. Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 3,6 million kishi mamlakat bo‘ylab tashkil etilgan 5 mingga yaqin norozilik namoyishlarida faol ishtirok etgan. Ushbu voqealarda 22 kishi halok bo‘lgan, 8 mingdan ortiq odam jarohat olgan, ularning ko‘plari og‘ir ahvolga tushgan. Namoyishlar davomida 3 mingdan ortiq odam hibsga olingan. Gezi parki norozilik namoyishlarining asosiy targ‘ibotchisi Mehmet Ali Alabora ham turk aktyori hisoblanib, u aynan 2013 yildagi Gezi Parki namoyishlari paytida faol ishtirok etgani bilan keng tanilgan. Alabora namoyishlarni jamoatchilik oldida qo‘llab-quvvatlagan va bu pozitsiyasi uchun hukumat tanqidiga uchragan. Ayrim turk rasmiylari va hukumat tarafdorlari uni namoyishlarni qo‘zg‘atishda va targ‘ib qilishda ayblagan. Shu bois Gezi voqealaridan keyin u o‘zini siyosiy bosim ostida sezgan va ma’lum vaqtdan keyin Turkiyani tark etib, Uels poytaxti Kardiffga chiqib ketgan.

Eron va AQSH kelisha olmayapti

AQSH va Eron o‘rtasida ketayotgan yadroviy muzokaralar boshlanganiga ikki oy to‘ldi. Bu orada ular 5 marotaba bilvosita gaplashib oldi. Ammo haligacha biror bir natija yo‘q. Eng so‘nggi muzokaralar 23 may kuni Italiya poytaxti Rimda Ummon vositachiligida o‘tdi. Ummonning Rimdagi elchixonasida o‘tgan yig‘ilish ishtirokchilaridan biri bo‘lgan AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff mahalliy vaqt bilan taxminan soat 16:00 da qarorgohni tark etdi. O‘shanda muzokaralar yakunlangani haqida da’volar bor edi, biroq Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘ay davlat televideniyesiga Uitkoff avvalroq rejalashtirilgan reysga yetib olish uchun qarorgohni erta tark etgani va muzokaralar “xotirjam va professional” muhitda o‘tganini bildirdi. Uittkoff ketganidan taxminan bir soat o‘tgach, avval AQSH delegatsiyasi, keyin esa Eron delegatsiyasi muzokaralar maydonini tark etdi. Jarayon taxminan 3,5 soat davom etdi. Bu muzokaralar bilvosita o‘tkazilishining eng murakkab jihatidir. Chunki oldin ham ko‘p bor ta’kidlaganimizdek, bunday turdagi uchrashuvda asosiy ikki tomon masalani yuzma-yuz o‘tirib muhokama qilmaydi. Aksincha, ular orasidagi vositachi orqali o‘zining talablarini yetkazadi. Hozircha na Eron, na AQSH muzokaralar natijasi bo‘yicha biror bir bayonot berdi.

Yuqorida qayd etilganidek, bu ikki o‘rtadagi yadroviy muzokaralar bo‘yicha 5-raunddir. Ular asosan Ummon poytaxti Maskat va Italiya poytaxti Rimda o‘tkazilmoqda. AQSH va Eronning Ummon vositachiligidagi muzokaralarining birinchisi 12 aprel kuni Ummon poytaxti Maskatda, ikkinchisi 19 aprel kuni Rimda, uchinchi va to‘rtinchisi 26 aprel va 11 may kuni yana Maskatda bo‘lib o‘tgandi. Maslahatlashuvlarda Eron delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi, Amerika delegatsiyasiga esa Prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoff boshchilik qilyapti. Ammo oldinga siljishlardan hali beri darak bo‘lmasa kerak. Chunki Vashington va Tehron o‘rtasidan yadroviy kelishuv yuzasidan juda qalin qizil chiziq mavjud. Bu ham bo‘lsa, uranni qay darajada boyitish xususida. Ya’ni Eron rasmiylari, jumladan Prezident Mas’ud Pezeshkiyon mamlakat harbiy-dengiz kuchlari rahbariyati bilan uchrashuvda AQSH Prezidenti Donald Trampning kuch ishlatish tahdidiga qaramay, Tehron Vashington bilan muzokaralarni davom ettirishi, ammo tinch maqsadlarda foydalaniladigan yadroviy energiyani rivojlantirish huquqidan hech qachon voz kechmasligi haqida gapirdi. Forslarning deyarli barcha yuqori martabali mulozimlari mana shunday prinsipdan voz kechmayapti. Biroq Tehron bu borada murosaga olib boruvchi yo‘llarni taklif qilyapti. Xususan, ular xalqaro nazoratchilarga uranni boyitish jarayonini kuzatish imkonini berishga ham tayyor. Oq uy esa eronliklarning bunday taklifiga qaramay, mamlakatning yadro salohiyatini butkul yo‘qotish ilinjida. Shu bois ikki tomon mazkur jihat tufayli kelisha olmayapti. Qizig‘i shundaki, AQSH va Eron 5 raunddan buyon “oltin o‘rtalik”ni topa olmayotgan bir paytda xorijiy OAVda Isroil Eronning yadroviy inshootlariga zarba berishi mumkinligi haqida xabarlar chiqa boshladi. Mazkur xavotirlar Eron aynan AQSH bilan muzokaralarda unga bo‘yin egmayotganidan so‘ng urchidi. Shu bois Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Isroil shunday ishga qo‘l urgudek bo‘lsa, Eron bu harakatda AQSHni sherik deb hisoblashi va ikkala tomonga ham juda kuchli javob zarbasi berilishi haqida ogohlantirdi.

Tramp Ukrainaga qo‘l siltadi

WSJ AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 19 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan telefon suhbatidan so‘ng Yevropa yetakchilariga Putin urushni to‘xtatmoqchi emasligini, chunki u g‘olib bo‘lishga ishonishini aytgan. Nashrning yozishicha, Tramp bu fikrni ilk marta ochiqchasiga aytgan. Yevropa yetakchilari esa Putinning bunday maqsadini allaqachon tushunib yetgan. Shuningdek, bu Trampning ilgari aytgan fikrlariga zid keladi. Chunki u oldin bir necha marta Putinning tinchlikni chin dildan istashiga ishonishini bildirgan. Nashrga ko‘ra, Tramp Putin bilan telefon suhbati arafasida Yevropa yetakchilari bilan qo‘ng‘iroqlashgan va suhbat davomida agar Putin o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, unga nisbatan sanksiyalar kiritishini bildirgan. Biroq 19 may kuni u to‘satdan fikrini o‘zgartirib, bu rejadan voz kechgan va buning o‘rniga Rossiya hamda Ukraina o‘rtasida Vatikan hududida past darajadagi muzokaralarni boshlashni ma’lum qilgan. Bundan tashqari, Tramp endi Rossiya muzokaralarni buzsa ham unga qarshi sanksiyalar kiritish masalasiga qiziqmayapti. Chunki uning asosiy maqsadi AQSHda biznesni rivojlantirish va amerikaliklar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni maksimal kengaytirish bo‘lib qolmoqda. Rossiyaga bosim o‘tkazish esa endi Tramp uchun mutlaqo qiziq emas. Sanksiyalarni qo‘llash ham shular jumlasidandir. Boz ustiga Trampning Vatikanda muzokara o‘tkazish to‘g‘risidagi yengil-yelpi tashabbusi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tomonidan rad etildi. Putinning u yerga bormasligi esa allaqachon aytilgandi.

Voqealarning bunday rivoj olishi fonida Kreml va Oq uy orasidagi masofa uzoqlashmayapti. Aksincha, Tramp Putin bilan xuddi ilgarigidek, ya’ni birinchi prezidentlik muddatida bo‘lgani kabi aloqa olib boryapti desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Hatto Tramp ma’muriyatidagilar, bo‘lib ham bir necha yil oldin Putin siyosatining eng ashaddiy tanqidchisi sifatida ko‘rilgan Marko Rubio ham bugun 180 gradusga o‘zgargan. U hatto Putinni “harbiy jinoyatchi” deb atashdan ham o‘zini tiymoqda. Rubio Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni “jinoyatchi” deb atashdan bosh tortdi. Masalan, 21 may kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasining Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi eshituvlarida senator Bill Kiting Marko Rubio Vladimir Putinni “harbiy jinoyatchi” deb hisoblaydimi, deb so‘ragan. Bu bilan senator Rubioning bir necha yil avval aytgan bayonotini eslatgan. Chunki rostdan ham 2022 yil Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro boshlangan paytda Marko Rubio Florida shtatidan senator bo‘lgan va u AQSH Ukrainaning yonida turishi shartligini ta’kidlab, Vladimir Putinni “harbiy jinoyatchi” deb atagan. Bugun esa u hali ham shunday fikrdami deya berilgan savolni Rubio yaqqol chetlab o‘tib, gapni boshqa joyga Burgan holda “hozirgi maqsadimiz faqatgina urushni tugatish” deya javob bergan. Shundan so‘ng Bill Kiting AQSH Davlat kotibini izchil pozitsiyaga ega emaslikda ayblagan va Putin “harbiy jinoyatchimi?”, deya savolini yana takrorlagan. Rubio esa hozir bu masala hal qilinmasligini ta’kidlagancha, “Ukrainada harbiy jinoyatlar sodir etilgani, bu uchun javobgarlik borligi va buning o‘z vaqti va joyi keladi deya, senator savoliga ikkinchi bor Putin nomini tilga olmasdan javob bergan.

Albatta, Rubio kabi Putinning sobiq ashaddiy tanqidchisi yangi ma’muriyatda mutlaqo o‘zgarganining o‘zi Trampning Putinga nisbatan pozitsiyasini aks ettiradi. Ikki o‘rtadagi munosabatlar shu darajada yaxshiki, ayni kunlarda Rossiyadagi kutubxonalarda Trampning kitoblari juda katta hajmda xarid qilinyapti. “Moskovskiy komsomolets” gazetasi  xabariga ko‘ra, Rossiyaning qator viloyatlaridagi davlat kutubxonalari, jumladan, Chelyabinsk viloyatidagi Magnitogorsk shahar kutubxonalari assotsiatsiyasining Trampning “Chempion kabi o‘yla. Magnatning hayot va biznes haqidagi qarashlari” kitobini va Boyqo‘ng‘ir kutubxonachilari esa “Bitim san’ati” kitobini buyurtma berganini aniqladi. Bundan tashqari, kutubxonalar Tramp haqida rossiyalik mualliflar tomonidan yozilgan kitoblarga buyurtma bermoqda. Masalan, Irkutsk viloyatining Sayansk shahridan Aleksandr Nemirovning “Donald Tramp. O‘ziga xos begona” tarjimai holi, Chelyabinskdan – Igor Prokopenkoning “Qarama-qarshi rahbarning portreti” kitobi uchun so‘rov kelib tushgan. Yana shunga o‘xshash buyurtmalar Noviy Urengoy, Yakutiyaning Namskiy Ulus va Tver viloyatining Bejetsk shahridan olingan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Turkiya Eron Donal'd Tramp Ukraina Rim Marko Rubio Halit Ergench Sulton Sulaymon Alicho Riza Kojao'g'li Muhtasham yuz yil Chuqur Gezi parki

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing