Turkiyada Beruniy haqida film va kitob yaratildi. Filmda Fathulla Ma’sudov ham rol ijro etgan

Madaniyat-san’at

image

Turkiyada Abu Rayhon Beruniy haqida kitob va hujjatli film taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ishtirok etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar bermoqda. 

Istanbulning eng nufuzli universitetlaridan biri bo‘lmish Beruniy universitetida tashkil etilgan uchrashuvda Marmara fondi prezidenti Akkan Suver, Beruniy universiteti rektori Adnan Yuksel, professor Bekir Karlig‘a hamda bir qator davlat va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Turkiya va O‘zbekiston hamkorligida suratga olingan “Beruniy” nomli hujjatli film namoyishi hamda turk va ingliz tillarida chop etilgan “Beruniy” kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi. Mazkur asar o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda. Hujjatli filmda allomaning bolaligidan to buyuk mutafakkir bo‘lib yetishgunga qadar bo‘lgan davr aks ettirilgan.

Muloqot chog‘ida universitet rektori qayd etganidek, buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy ilm-fan sohasida katta meros qoldirgan alloma, matematika va astronomiya ilmining bilimdoni sifatida Sharq va G‘arbda e’zozlanadi. Shuning uchun ham buyuk mutafakkir haqida hali ko‘plab ilmiy ijodiy asarlar, hujjatli va badiiy filmlar suratga olinadi, uning ilmiy asarlari talabalar, professor olimlar tomonidan chuqur o‘rganiladi.

Shu o‘rinda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ko‘rsatilgan yuksak ehtirom, iliq do‘stona munosabatlardan mamnun ekanligini bildirgan. 

“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik va yaqin do‘stlik rishtalarining mustahkamlanganligi, ikki davlat rahbarlarining bir-biriga qo‘l bergani, biz ijodkorlar uchun ham juda katta hamkorlik eshiklarini ochdi. Bu madaniy va ma’rifiy sohadagi faoliyatimiz bizning qardosh va birodar millat bo‘lib, birgalikda boshlagan katta ezgu ishlarimizning debochasidir. Xalqingiz bilan qiladigan ishlarimiz hali juda ko‘p. Bugun turk dunyosi o‘zining “Men”ini ayta boshladi. Jahon taraqqiyotida, islom sivilizatsiyasida, ilmiy madaniyatning yuksalishida, butun turkiy xalqlar bir ovozdan “Men” deyishi yo‘lida O‘zbekistonning ulushi juda katta. Va bu turk dunyosi uchun manfaatlidir”, deydi Nazarbekov.

Eslatib o‘tamiz, “Beruniy” hujjatli filmida Beruniyning bolaligigni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fathulla Ma’sudovning o‘g‘li ijro etgan. Marhum aktyor ushbu filmda Xorazmshoh Sulton obrazida gavdalanadi. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozodbek Nazarbekov Abu Rayhon Beruniy

Baholaganlar

163

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing