Turkiyada bahorda Ukraina bo‘yicha muzokaralar boshlanadi – OAV
Olam
−
27 yanvar
1795Ukrainadagi inqirozni tinch yo‘l bilan bartaraf etishga qaratilgan muzokaralar joriy yilning aprel-may oylarida boshlanishi mumkin. Bunga AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi oldindan yo‘l ochishi mumkin. Bu haqda Turkiyaning hukumatga yaqin “Hürriyet” gazetasi xabar berdi.
Nashr sharhlovchisi Abdulqodir Selvining yozishicha, muzokaralardan avval o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinadi.
“Avvalo, o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon qilinishi kutilmoqda. Shundan keyin tinchlik muzokaralari boshlanadi. Muzokara jarayonida Turkiya muayyan vazifani o‘z zimmasiga olishi mumkin va Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga vositachilik roli yuklatilishi mumkin, chunki u Putin va Zelenskiy bilan muloqot qila oladigan yagona yetakchi. Endi ularga Tramp ham qo‘shildi”, deydi jurnalist.
Unga ko‘ra, Ukrainadagi inqirozni hal qilish bo‘yicha muzokaralar 2022 yilda ham Istanbulda o‘tkazilgan.
“Biroq AQSH va Buyuk Britaniya urushni istagani sababli o‘shanda kelishuvga erishilmadi. Hozir esa tinchlikni xohlaydigan Tramp va Putin bor. Amerika qo‘llovisiz qolgan Zelenskiyning muzokaralar stoliga o‘tirishdan boshqa imkoniyati yo‘q”, deb yozadi Selvi.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan o‘tgan haftada Ukrainadagi mojaro burilish nuqtasiga yaqinlashayotganini va Anqara uni hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirgan edi. Bungacha Anqara bir necha bor Ukrainada adolatli va barqaror tinchlikka erishishga qaratilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini aytgan va 2022 yil mart oyida Istanbulda o‘tkazilgan muzokaralar misolida mojaroni hal qilish uchun vositachilik vazifasini bajarishga tayyorligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The Independent” manbalariga tayanib, Donald Tramp Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamni kamaytirishi mumkin degan xavotirlar noto‘g‘ri ekani va Oq uy rahbari urushni bahorgacha Ukraina uchun qulay shartlarda yakunlashni maqsad qilgani haqida xabar bergandi.
LiveBarchasi