Turkiyada 32 nafar futbol amaldori hibsga olindi
Sport
−
20 fevral 743 1 daqiqa
Turkiya huquq-tartibot idoralari tomonidan futbol o‘yinlarga noqonuniy pul tikish holatlari bo‘yicha 11 ta klubining 32 nafar sobiq va amaldagi rasmiysi qo‘lga olindi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ular orasida Turkiya Premer-ligasida ishtirok etayotgan klublar vakillari ham bor. Bugun, 20 fevral kuni mamlakatning 10 ta viloyatida maxsus operatsiyalar o‘tkazilgan. Qo‘lga olinganlar orasida “Adana Demirspor”, “Antalyaspor” va “Alanyaspor” klublari vakillari ham mavjud.
Shuningdek, Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) so‘nggi besh yil ichida 212 nafar professional klub rasmiysi noqonuniy pul tikish bilan shug‘ullanganini aniqlaganini ma’lum qilgan. Ulardan 108 nafari murabbiy, 104 nafari esa klub menejerlari hisoblanadi.
Bundan tashqari, mingdan ortiq futbolchi TFF Intizom kengashi oldida pul tikish bo‘yicha tergov doirasida javob berishi mumkinligi qayd etilgan.
Turkiya Adliya vazirligining yangi rahbari Akin Gyurlek mahalliy hokimiyat tomonidan Interpol va UEFA bilan hamkorlikda olib borilayotgan tergov doirasida yana bir qator Turkiya futbol klublari rahbariyati ham hibsga olinishi mumkinligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq TFF so‘nggi besh yil davomida futbol o‘yinlariga noqonuniy tarzda pul tikib kelgan 212 nafar professional klub amaldorini aniqlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi