Turkiyada 2 mingga yaqin namoyishchi qo‘lga olindi

Olam

image

Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP)dan prezidentlikka nomzod va Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan bo‘lib o‘tayotgan namoyishlarda 1879 nafar gumondor qo‘lga olindi, 150 nafar politsiyachi yaralandi. Bu haqda bugun, 27 mart kuni Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan sodir bo‘lgan voqealar va Ramazon hayiti munosabati bilan amalga oshiriladigan xavfsizlik choralari o‘tkazgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“Asosiy muxolifat liderining ko‘chaga chiqishga chaqirig‘i bilan mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligiga tahdid soladigan jarayon yuz berdi. Bu jarayonda ular ko‘cha siyosatini qonuniylashtirishga harakat qildi. Millatimiz birodarligi uchun pistirma uyushtirildi. Politsiya xodimlarimizga toshlar, milliy qadriyatlarimizga hujum qilindi. Masjidlarimiz va qabristonlarimiz tahqirlandi”, degan vazir.

Shu bilan birga, vazir qonun doirasida har qanday namoyishga ruxsat berilganini ta’kidlagan.

Yerliqoyaning qo‘shimcha qilishicha, oxirgi harakatlar ortidan 1879 nafar gumondor qo‘lga olingan. Ulardan 260 nafari qamoqqa olingan, 468 nafari uchun sud nazorati qarori chiqarilgan.

“Terrorist bo‘lgan 489 nafar namoyishchidan 2 nafari qo‘yib yuborildi. Ular orasida giyohvand moddalar, jinsiy zo‘ravonlik, o‘g‘irlik, firibgarlik va qasddan jarohat olish kabi 17 ta jinoyat sodir etganlar ham borligi aniqlandi”, degan vazir o‘z bayonotida.

Vazir Ramazon bayrami munosabati bilan amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida ham ma’lumot bergan.

“Kechagi kundan boshlab yo‘l harakati choralarini kuchaytirdik. Bu chora-tadbirlar 8 aprelga qadar davom etadi. 14 kun ichida 47 749 nafari politsiya, 21 262 nafari jandarm bo‘lgan jami 69 011 nafar xodim xalq xizmatida bo‘ladi”, degan Ali Yerliqoya.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP)dan prezidentlikka nomzod va Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi davom etayotgan namoyishlarda qatnashganlarni ogohlantirgandi.

Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi

19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Imomo‘g‘li va 99 gumonlanuvchiga nisbatan jinoiy tashkilot yetakchisi bo‘lish, jinoiy tashkilotga a’zolik, tovlamachilik, poraxo‘rlik, malakali firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish va tender savdolarini soxtalashtirishda, Imomo‘g‘li va yana 6 kishi esa qurolli terror tashkilotiga yordam berish bilan gumonlangandi.

23 mart kuni sud Ekrem Imomo‘g‘lini korrupsiya tergovi doirasida hibsga olishga qaror qildi. Bosh prokuratura Imomo‘g‘li “qurolli terror tashkilotiga yordam berganligi bo‘yicha kuchli gumon” borligini, ammo uni moliyaviy jinoyatlar uchun hibsga olish qarori allaqachon chiqarilgani sababli, uning yana hibsga olinishi “hozirgi bosqichda zarur emas”ligini bildirdi.

O‘sha kuni Ekrem Imomo‘g‘li prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatilishi uchun 14,85 milliondan ortiq kishi ovoz berdi. 

Mazkur voqealar fonida Turkiyaning yirik shaharlarida namoyishlar avj oldi. Namoyishlarda 1 mingdan ortiq odam hisga olindi. Ular orasida Prezident Erdo‘g‘an va uning marhum onasini haqorat qilganlar ham bor. Erdo‘g‘anning o‘zi namoyishlarda qatnashganlarni bunday harakatlarining oqibatlaridan ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Ekrem Imomo'g'li Ali Erliqoya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing