Turkiya yozda koronavirusga qarshi o‘z vaksinasini taqdim etadi
Olam
−
12 yanvar 2021
3008Joriy yil yozda Turkiya o‘zining koronavirusga qarshi vaksinasini taqdim etadi.
Qayd etilishicha, SARS-COV-2 mRNA vaksinasi Turkiyaning bir qancha universitetlari va laboratoriyalarida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Vaksinani yaratish loyihasi rahbari Nodir Kojakning aytishicha, mRNA butun dunyoda uchinchi avlod vaksinasi texnologiyasi sifatida tanilgan.
Turkiyalik olimlar Pfizer va BioNTech tomonidan vaksina yaratilgandan deyarli sakkiz oy o‘tib, o‘z vaksinalari ustida ishlashni boshlagan.
"Ishni kech boshlaganimiz kamchiligimiz bo‘lsa-da, bizda dunyodagi virusli oqsil haqidagi so‘nggi ma’lumotlarni kuzatib borish imkoniyati bo‘ldi. Biz yetakchi tashkilotlar foydalangan formulalarni ko‘rdik. Endi esa barqarorroq va samaraliroq vaksina ishlab chiqarishga intilmoqdamiz", degan u.
Ta’kidlanishicha, turkiyalik olimlar xona haroratida olti oygacha saqlanadigan vaksina ustida ishlamoqda.
Ilk mRNA vaksinasi bir yarim oy oldin yaratilgan va u endilikda hayvonlarni sinash bosqichiga yaqinlashmoqda.
Mutaxassislar uch xil vaksina formulalarini sintez qilgan. Ikki oy ichida olimlar vaksinaning odamlarga nisbatan eng samarali variantini sinovdan o‘tkazishni boshlaydi.
Shuningdek, Kojak pandemiya tufayli fazaviy tadqiqotlar qisqartirilganligini qo‘shimcha qilgan.
Olimlarga ko‘ra, sinovlar boshida bemorlarga ikki hafta oralig‘ida vaksinaning ikki martalik dozasi yuboriladi. Keyingi ikki-uch yil ichida bu nisbat o‘zgarishi mumkin.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada koronavirusga chalinganlar 2,34 mlndan oshgan. 22 ming 981 nafar bemor vafot etgan.
Turkiyada koronavirusga qarshi ommaviy emlash joriy yilning 14 yoki 15 yanvar kuni boshlanishi aytilgan.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15