Turkiya yangi “Azab” kamikadze dronini yaratdi
Olam
−
21 mart 2023
8606Turkiyaning “Robit technology” kompaniyasi uzoq parvoz masofasiga ega “Azab” nomli yangi ko‘p maqsadli kamikadze uchuvchisiz uchish apparatini (dron) ishlab chiqdi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Yuk ko‘tarish qobiliyati yuqori bo‘lgan delta qanotli platforma barcha parvoz sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan. Yaqin kelajakda dronning otishma sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Biz barcha parvoz sinovlarini o‘tkazdik. Endilikda o‘q-dorilar sinovlariga o‘tmoqdamiz. Kelgusi oylarda buni ham amalga oshiramiz”, deydi “Robit technology” mahsulot direktori Selchuk Firat.
“Azab” droniga turli xil jangovar kallaklarning birlashtirilishi mumkinligini qayd etgan Firat, dronning qanotlari 2 metr (6,5 fut) va 1,5 metr (4,9 fut) bo‘lgan ikkita versiyasi borligini ma’lum qilgan.
Aytilishicha, dron 200 kilometr (124 mil) aloqa masofasiga ega va GPS koordinatalari bilan nishonlarni yo‘q qila oladi.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya o‘zining birinchi milliy jangovar samolyotini ishlab chiqqan edi. Turkiya Mudofaa sanoati boshqarmasi boshlig‘i Ismoil Demir samolyot Prezident Erdo‘g‘an rahnamoligida samoga ko‘tarilgani haqida ma’lum qilgan.
Turkiya Qurolli kuchlarining qiruvchi samolyotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan mazkur loyiha 2023 yilda yakunlanadi.
Javohir Qadamov
LiveBarchasi