Turkiya va Suriyadagi zilziladan zarar ko‘rgan hududlar og‘ir ahvolda – BMT

Olam

image

Turkiya va Suriyaning zilziladan jabr ko‘rgan hududlarining insonparvarlik ehtiyojlari juda katta va vayronagarchilik ko‘lamini ortiqcha baholab bo‘lmaydi. Bu haqda BMTning mazkur ikki davlatdagi vakillari ma’lum qildi, deya xabar berdi tashkilot matbuot xizmati. 

BMT avvalroq tashkilot qidiruv-qutqaruv ishlari va zilzila zonasida jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun 25 million dollar ajratilishini e’lon qilganini, mablag‘ Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish markaziy jamg‘armasidan kelishini eslatdi. 

BMTning Suriya bo‘yicha gumanitar yordam koordinatori Al-Mustafo Benlamlih BMT yangiliklar xizmatiga bergan intervyusida ta’kidlaganidek, zararning barcha dastlabki hisob-kitoblari hali ham juda shartli, chunki zilzila sodir bo‘lgan hududlar Suriya hukumati nazorati ostida emas va ko‘pincha gumanitar yordam xodimlariga etib borish qiyin. Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar soni haqidagi rasmiy statistik ma’lumotlar ham haqiqatni aks ettirmaydi. 

“Bugungi kunda biz aniq bilamizki, mahalliy aholining ehtiyojlari va vayronagarchilik darajasi juda katta. Turkiya bilan chegara yaqinida joylashgan hudud, Turkiyaning G‘oziantepi bilan bir xil darajada zilziladan ta’sirlangan. Bu allaqachon 11 yildan beri davom etayotgan inqiroz va urushlardan aziyat chekayotgan eng qashshoq hudud. Odamlar o‘z uylariga qaytib kela olmaydilar va ular mahalliy maktablar, shifoxonalar, masjidlar va ibodatxonalarda vaqtinchalik boshpana topdilar”, deydi u. 

Agar kechikishga yo‘l qo‘ysak, Suriyada allaqachon juda og‘ir bo‘lgan vaziyat falokatga aylanadi

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi fojiali voqealardan oldin 15,3 million suriyalik insonparvarlik yordamiga muhtoj edi. Endi bu raqam sezilarli o‘sish yo‘lida qayta ko‘rib chiqiladi. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining hududdagi rasmiylari bugun Xavfsizlik Kengashi tomonidan ruxsat etilgan Turkiyadan Suriyaga yordam yetkazuvchi yagona chegara o‘tish punkti – Bab al-Hava ochiq ekanligini tasdiqladi. 

“Jahon oziq-ovqat dasturi Turkiya va Suriyadagi halokatli zilziladan jabr ko‘rgan zaif oilalarga yordam ko‘rsatishni boshladi. Kelgusi 3-4 oy ichida yarim million qurbonning shoshilinch insonparvarlik ehtiyojlarini qondirish uchun 46 million dollar kerak bo‘ladi”, deydi BMT matbuot kotibi o‘rinbosari Farhan Haq. 

Zilzila boshlangan paytda Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (XMT) matbuot kotibi Olga Borzenkova Turkiyaning eng ko‘p jabrlangan shaharlaridan biri bo‘lgan G‘oziantepda edi. 

“Silkinishlar eshitilganda men ham Turkiyaning janubi-sharqiy yuz minglab aholisi singari qattiq uxlab qolgandim. Zilzila zonasida to‘satdan uyg‘ongan odam nimani his qilishini tasvirlash men uchun qiyin – bu mintaqada qayd etilgan eng kuchlilaridan biri. Bu butunlay surreal edi. Zamin va devorlar qaltirab, egilib, ko‘chaga yugurib tushayotganimizda, uchinchi qavatdan faqat bitta orzu – iloji boricha tezroq har qanday binolardan uzoqroqqa borish edi. Bu hayotim davomida boshdan kechirgan eng dahshatli holatning oltmish soniyasi edi”, deydi u. 

Uning qayj etishicha, zilzilalarga juda moyil bo‘lgan Turkiya yillar davomida jahon darajasidagi javob mexanizmini yaratgan. 

“Biz ular bilan 30 yildan ortiq ishlayapmiz va ular shunchaki ajoyib hamkorlar. Ammo bu kunlar uchun ham bu juda qiyin. Bu ikki baravar og‘ir – Suriyadagi urushdan qochgan milliondan ortiq odam zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududda vaqtinchalik himoya maqomiga ega”, deydi u. 

Xalqaro migratsiya tashkiloti ayni damda Turkiya hukumati bilan maslahatlashib, yordam ko‘rsatishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilamoqda. 

“Albatta, vaqtinchalik uy-joyga katta ehtiyoj bo‘ladi. Minglab, balki yuz minglab odamlar boshpanasiz qoldi. Hozir havo sovuq, odamlar uxlash uchun joy kerak bo‘ladi. Ularga issiq kiyim, suv, ovqat, isitish kerak bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi BMT vakili.


Maqola muallifi

Teglar

BMT

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing