Turkiya va Saudiya ham fuqarolarini Livanni tark etishga chaqirmoqda
Olam
−
05 avgust
4205Turkiya va Saudiya Arabistoni o‘z fuqarolarini mintaqadagi vaziyat yomonlashgani sababli Livanni tark etishga va zarurat bo‘lmasa, bu davlatga bormaslikka chaqirdi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vazirligi va Saudiyaning Livandagi elchixonasining tegishli bayonotlari e’lon qilindi.
“Fuqarolarimizga Livanga sayohat qilishdan saqlanishni tavsiya qilamiz: Nabatiya, Janubiy Livan, Bekaa va Baalmbek-Germelm viloyatlariga keraksiz tashrif buyurmaslik, Livanda bo‘lishi shart bo‘lmaganlar esa tijorat reyslari vaqtida uni tark etishlari kerak", deyiladi Turkiya TIV bayonotida.
“Saudiya Arabistoni elchixonasi Livan janubidagi voqealarni diqqat bilan kuzatib boradi va barcha fuqarolarni Livan hududini zudlik bilan tark etishga va sayohat taqiqiga rioya qilishga chaqiradi”, deyiladi Saudiya diplomatik missiyasi X’da e’lon qilingan bayonotda.
Shuningdek, Buyuk Britaniya Livandagi elchixonasi xodimlarining oila a’zolarini Yaqin Sharqdan chiqarib yubordi.
“Britaniyaning Bayrutdagi elchixonasida ishlovchi amaldorlarning oilalari mintaqadan vaqtincha olib tashlandi. Elchixona o‘zining asosiy ishlarini, jumladan, Britaniya fuqarolariga xizmat ko‘rsatishni davom ettirmoqda. Britaniya fuqarolari hozir Livanni tark etishlari kerak”, deyiladi Britaniya TIV xabarida.
Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, London elchixona faoliyati va uning xavfsizligini ta’minlash uchun Livanga qo‘shimcha diplomatik xodimlar va harbiy xizmatchilarni yuborgan. Bundan tashqari, RFA Cardigan Bay desant kemasi va HMS Duncan esminetsi O‘rtayer dengizining sharqiy qismida joylashgan va Qirollik havo kuchlari transport vertolyotlarini kutish holatida ushlab turibdi.
Ma’lumot uchun, 30 iyul kuni Isroil harbiy-havo kuchlari qiruvchilari Bayrutning janubiy chekkasiga to‘rtta raketa uchirdi. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 3 kishi halok bo‘lgan, 70 dan ortiq kishi jarohatlangan. Hujumdan maqsad “Hizbulloh”ning tezkor shtab-kvartirasini boshqargan harbiy rahbari Fuad Shukrni yo‘q qilish edi. “Al Hadath” telekanaliga ko‘ra, u olgan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Livan poytaxti Bayrutdagi Shvetsiya elchixonasi vaqtincha yopilishi xabar qilingandi. 1 avgust kuni Qirg‘iziston hukumati ham Isroil va Livandagi vaziyat yomonlashgani sababli o‘z fuqarolariga vaqtinchalik bu davlatlarga sayohat qilmaslikni tavsiya qildi.