Turkiya siyosatida “bomba” portladi
Olam
−
04 mart 2023
34615Turkiyaning nafaqat zamini, balki siyosati ham og‘ir tebranishlarni boshdan kechirmoqda. Kecha, 3 mart kuni “Yaxshilik” partiyasi rahbari Meral Akshenar Erdo‘g‘anga qarshi 6 muxolif partiyadan iborat Millat Ittifoqini tark etdi. U ushbu ittifoqdan yana Erdo‘g‘anning azaliy dushmani – “Jumhuriyat xalq” partiyasi lideri Kamol Qilichdoro‘g‘lining nomzodi prezident sayloviga ko‘rsatilishiga qarshi chiqdi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil Turkiyada prezidentlik va parlament saylovi bo‘lib o‘tishi kerak. Erdo‘g‘anga ishonilsa, saylov joriy yilning 14 may kuni o‘tkazilishi kerak. Ammo bu bo‘yicha yakuniy qaror imzolangani yo‘q.
Joriy yil bo‘lib o‘tadigan saylovda muxolif – “Yaxshilik”, “Jumhuriyat xalq”, “Saodat”, “Da’vo”, “Kelajak”, “Demokrat” partiyalar Millat ittifoqini tuzib, ushbu ittifoqdan bir kishini prezident sayloviga nomzod sifatida ko‘rsatishi belgilangan.
Millat Ittifoqi kecha, 3 mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Kamol Qilichdoro‘g‘li nomzodini prezidentlikka ko‘rsatishga kelishib olgan, biroq “Yaxshilik” partiyasi rahbari Meral Akshenar bunga qarshi chiqib, nomzod o‘laroq “Jumhuriyat xalq” partiyasidan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li yoki Anqara hokimi Mansur Yavash nomzodini ko‘rsatishni taklif qildi. Ammo bu taklif qabul qilinmagan.
Meral Akshenar oltilik stolidan chiqarkan, “Biz majburlashga bosh egmaymiz”, dedi.
“O‘tgan yili mamlakatimiz kelajagini o‘ylab, juda muhim qadam tashladik. Kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda nihoyat kim prezidentlikka qo‘shma nomzod bo‘lishini muhokama qildik. 5 ta siyosiy partiya Kilichdoro‘g‘li nomzodini e’lon qildi.
Biz Erdo‘g‘anga qarshi barcha ommaviy so‘rovlarda uzoq vaqtdan beri g‘alaba qozongan ikki nomni bildirdik. Ular Mansur Yavash va Ekrem Imomo‘g‘li edi. Afsuski, bu mulohazalar va takliflar rad etildi.
Oltilik stolning so‘nggi yig‘ilishida o‘zaro kelishuvga erishildi. Biz tushundikki, xalq yutgan haqiqatdan shaxsiy kun tartibi afzaldir.
Aziz millatim, biz “Yaxshilik” partiyasini buning uchun tuzmadik. Tashkil etilgan kundan buyon o‘zimizni boshqalardan ustun ko‘rmadik. Ba’zan partiyamiz manfaatlarini unutib, millatimiz uchun ulardan voz kechdik.
Bizni haqorat qilishdi, tishimizni g‘ijirlatdik. Bizni linch (jinoyat sodir etganlikda yoki ijtimoiy urf-odatlarni buzganlikda gumon qilingan shaxsni sudsiz va tergovsiz, odatda ko‘chada olomon tomonidan osib o‘ldirish orqali o‘ldirish) qilishdi, yo‘q qilisholmadi".
Meral Akshenar nomzod o‘laroq ko‘rsatishni taklif qilgan Ekrem Imomo‘g‘li va Mansur Yavash buni qabul qilmay, muxoliflarning lideri o‘laroq Qilichdoro‘g‘li ko‘rsatilishini olqishladi.
“Hozirgacha qilgan bayonotlarimizda, rahbarimiz janob Kamol Kilichdoro‘g‘lining irodasiga qarshi harakat qilmasligimizni bildirdik. Biz bir fikrdamiz. Umidimiz shuki, Milliy ittifoq barcha manfaatdor tomonlar bilan yo‘lida davom etadi”, deydi Anqara hokimi Mansur Yavash.
Imomo‘g‘liga ko‘ra, Millat ittifoqi xalqimiz boshdan kechirayotgan og‘ir davrda og‘ir mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, davlatni samarali va demokratik, jamiyatni tinch va boy qilish istagi bilan tuzilgan siyosiy ittifoqdir.
“Ular xalqimizga ojiz, umidsiz va yolg‘iz emasliklarini ko‘rsatishlariga ishonaman. “Jumhuriyat xalq” partiyasining farzandi va Millat ittifoqining meri sifatida irodamizni ittifoq stolida ifodalovchi janob Kamol Kilichdoro‘g‘li va Millat Ittifoqining orzu qilganimizdek o‘sishiga shubham yo‘q”, degan Istanbul meri.
Siyosiy tahlilchilarning fikricha, muxolifat o‘rtasidagi ushbu qarama-qarshilik zilziladan keyin taqdiri savol ostida qolgan Erdo‘g‘anning kuchini yanada oshirishi, muxolifatdagi ishonchsizlik saylovchilarning ham ishonchsizligiga olib kelishi mumkin.
LiveBarchasi