Turkiya Rossiyadan javob kutyapti – Chavusho‘g‘li

Olam

image

Anqara Ukraina portlaridan g‘allani eksport qilish bo‘yicha Rossiya, Ukraina, Turkiya va BMT o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish taklifiga Moskvadan javob kutmoqda. Bu haqda kecha, 11 iyun kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho‘g‘li Chexiya TIV rahbari Yan Lipavskiy bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Biz Anqarada [Rossiya Tashqi ishlar vaziri] Sergey Lavrov bilan muzokaralar o‘tkazdik, unda [Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi] muzokaralarni qayta boshlash va g‘alla yetkazib berishdagi cheklovlarni bekor qilish masalalarini muhokama qildik. BMT tomonidan taklif qilingan [Ukraina portlaridan don eksport qilish] rejasi eng to‘g‘ri, deb hisoblaymiz va tomonlar buni muhokama qilishlari kerak. Biz Istanbulda Rossiya, Ukraina, Turkiya va BMT o‘rtasida ushbu masala bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazishga tayyorligimizni bildirdik, bu BMT taklifi. Bizning pozitsiyamiz aniq bildirildi, endi biz Rossiyadan ham uchrashuv, ham boshqa tafsilotlar bo‘yicha javob kutmoqdamiz”, deydi u.

Chavusho‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, Turkiya kelgusida ham bu mavzularga e’tibor berishda davom etadi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 8 iyun kuni Rossiya va Turkiya Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Mevlud Chavusho‘g‘li Anqarada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “don yo‘lagi” yaratish masalasini muhokama qildi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Kiyev o‘z portlarini minalardan tozalasa, Moskva Ukraina donini olib ketayotgan kemalarning to‘siqsiz o‘tishini kafolatlashini, Berdyansk va Mariupol kabi Rossiya nazoratidagi ukrain portlari orqali tovarlar eksport qilinishini ta’minlashi mumkinligini aytdi. U jahon oziq-ovqat bozoridagi muammolar 2020 yil fevral oyida boshlanganini eslatib, Rossiyaning Ukraina portlarida donni to‘sib qo‘ygani haqidagi bayonotlarni “blef” deb atadi.

Shuningdek, joriy yilning 2 iyun kuni Rossiya, Turkiya, Ukraina va BMT Ukraina portlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun xavfsiz yo‘lakning ishlashini ta’minlaydigan yo‘l xaritasi – Istanbul rejasini tayyorladi.

Istanbuldagi muvofiqlashtirish markazining ishga tushirilishi Ukraina portlaridan jahon bozorlariga 20 million tonna donni eksport qilish imkonini berishi aytilgan.

Yaqin kunlarda Istanbulda barcha manfaatdor tomonlarning “Yo‘l xaritasi” tafsilotlarini muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazishi kutilmoqda. To‘rt tomonlama formatda yo‘nalish, sug‘urta, kema xavfsizligi, portni minalardan tozalash, shuningdek, Qo‘mondonlik markazi tarkibi kabi masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

338

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing