Turkiyadagi ofat qurbonlari soni 33 nafarga yetdi
Olam
−
05 fevral 2020
10273Avvalroq, Turkiyaning Van viloyatida yuz bergan qor ko‘chkisi oqibatida 26 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Fojia oqibatida bedarak yo‘qolganlar ham bor edi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qor ostida qolgan mikroavtobusning ikki yo‘lovchisini qidirish ishlari olib borilayotgan vaqtda, ikkinchi marta ko‘chki yuz bergan. Natijada qurbonlar soni 33 nafarga yetgan.
Bu safar qor ostida avtomobil va qutqaruvchilar qolib ketgan. Hozirda qutqaruvchilar va ko‘ngilli fuqarolar qor ostidagilarni qutqarish uchun harakat qilyapti.
Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Fahriddin Koja yaradorlar orasida ahvoli og‘irlar borligini ta’kidlab, qurbonlar soni ortishi mumkinligini aytgan.
Van-Bog‘chasaroy yo‘lidagi ko‘chki natijasida qor ostida qolganlarning 30 nafari qutqarib olingan.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiya so‘nggi oylarda tabiiy ofatlardan ko‘p aziyat chekmoqda. Joriy yilning 24 yanvar kuni mamlakatning Elyazig‘ viloyatida 6,8 ballni tashkild etuvchi dahshatli zilzila ro‘y berdi. Zilzila oqibatida 41 kishi qurbon bo‘ldi. 76 ta bino vayronaga aylandi.
Qurbonlarning 37 nafari Elyazig‘dan, 4 nafar Diyorbakirdan. Yana ikki kishi qo‘rquv ortidan yurak xuruji sabab vafot etdi.
Zilzila o‘chog‘i Elyazig‘ viloyatining Sivrij shahrida, 7 km yer ostida bo‘lgan. Zilziladan keyin 2,7 dan 5,4 magnitudagacha 118 ta aftershok qayd qilingan.
LiveBarchasi