Turkiya NATOning Qora dengizdagi harbiy mashqlarini bekor qildi
Olam
−
31 may 2022
9975Turkiya Montryo konvensiyasining Qora dengizdan harbiy kemalarni chiqarib tashlash haqidagi bandlari munosabati bilan NATOning qator harbiy mashg‘ulotlarini bekor qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li “Anadolu” agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“NATOning oldindan rejalashtirilgan mashqlari bor edi. Biz ularni bekor qildik va keyinga qoldirdik. Ya’ni, biz muhim rol o‘ynaymiz”, deydi u.
Shuningdek, u Turkiya Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmasligini, agar qo‘shilsa, hozir bo‘lgan vositachilik rolini o‘ynay olmasligini aytdi.
“Endi har kim istaganiga nisbatan sanksiya qo‘llashi mumkin. Bu ularning ishi. Biz vositachi rolini tanladik, vaziyatni yumshatishga harakat qilmoqdamiz. Va bizning bu pozitsiyamiz Yevropa Ittifoqida, dunyoda olqishlanadi”, deydi Tashqi ishlar vaziri.
Shuningdek, Chavusho‘g‘lining qo‘shimcha qilishicha, Turkiyaning Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmasligi ularni Anqara orqali chetlab o‘tish mumkin degani emas.
Ma’lumot uchun, Montryo konvensiyasi 1936 yilda qabul qilingan. U savdo kemalari uchun tinchlik davrida ham, urush davrida ham ushbu bo‘g‘ozlardan o‘tish erkinligini saqlab qoladi, ammo rejimlar hamma uchun har xil.
Konvensiyaning 19-moddasiga ko‘ra, Turkiya ishtirok etmagan urush paytida mojaro ishtirokchilarining harbiy kemalari bo‘g‘ozlardan o‘tishi mumkin emas.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan bir necha kun o‘tib, Anqara Montryo konvensiyasiga muvofiq, Rossiya va Ukraina harbiy kemalari uchun bo‘g‘ozlarni yopib qo‘ydi. Shu bilan birga, ikki davlat harbiy kemalari o‘zlarining asosiy langar portlariga qaytish uchun bo‘g‘ozlardan o‘tishi mumkin edi.
Bo‘g‘ozlarni yopish iltimosi bilan Kiyev Ukrainada jangovar harakatlar boshlangan 24 fevral kuni Turkiyaga yuzlandi. Keyinroq, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga bu qarori uchun minnatdorlik bildirdi.
Bosfor va Dardanel, Marmara dengizi bilan bir qatorda Qora dengizni O‘rta yer dengizi bilan bog‘laydi. Bu Qora dengizdan Jahon okeaniga boradigan yagona yo‘l. Bo‘g‘ozning har ikki tomoni Turkiya tomonidan nazorat qilinadi.
LiveBarchasi