Turkiya Mudofaa vaziri Qirg‘izistondan keyin Tojikistonga bordi

Olam

image
Anqara Bishkek bilan xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikka tayyor – Turkiya Mudofaa vaziri north_east

Anqara Bishkek bilan xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikka tayyor – Turkiya Mudofaa vaziri

Avvalroq, Turkiya Milliy mudofaa vaziri Hulusi Akar Qirg‘izistonga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik. Hulusi Akar Bishkekda tashrifini yakunlab, Dushanbega bordi. Bu haqda Turkiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Akar Tojikiston Mudofaa vaziri Sherali Mirzo bilan uchrashib, ikki mamlakatning harbiy hamkorligini muhokama qilgan. Xususan, u Tojikiston Turkiyaning Markaziy Osiyodagi muhim hamkori ekanini qayd etgan.

Shu bilan birga Hulusi Akar Turkiya Tojikiston bilan mudofaa, xavfsizlik va harbiy sanoat sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishga, shuningdek chegara daxlsizligi hamda terrorchilkka qarshi kurashda o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini ta’kidlagan.

Qayd etish kerakki, Amerika Prezidenti Jo Bayden va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an NATO sammiti doirasida uchrashib, Vashington o‘z harbiylarini Afg‘onistondan olib chiqib ketgach, rasmiy Anqara Kobul xalqaro aeroporti xavfsizligini o‘z zimmasiga olishiga kelishib olgandi. AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan ketishi fonida Turkiya Mudofaa vazirining Markaziy Osiyo davlatlariga tashrifi, rasmiy Anqaraning mintaqada faollashayotganini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, 28–20 iyun kunlari Turkiya harbiy delegatsiyasi Qirg‘izistonda bo‘ldi. Shu vaqt davomida Akar Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov qabulida bo‘ldi va mamlakat Mudofaa vaziri Taalaybek Omuraliyev bilan uchrashdi. Muzokaralar doirasida harbiy va harbiy-texnik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, Turkiya Qirg‘izistonga harbiy mutaxassislarni o‘qitish va tayyorlash masalasida yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Ma’lumot uchun, Sadir Japarov iyun oyi boshida Turkiyaga safar qilib, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvda Qirg‘iziston tomoni Turkiya bilan mudofaa va xavfsizlik sohasida hamkorlikni rivojlantirishni istayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya-Tojikiston

Baholaganlar

45

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing