Turkiya Misrga dronlar yetkazib bermoqchi. Mursiyning o‘limi unutildi
Olam
−
05 fevral
4489Turkiya ikki tomonlama munosabatlarni normallashtirish doirasida Misrga uchuvchisiz havo vositalari yetkazib beradi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan “A Haber” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Bizning ikki tomonlama munosabatlarimiz quyidagi sabablarga ko‘ra muhim: bu mintaqaviy xavfsizlik nuqtai nazaridan muhim, savdo nuqtai nazaridan esa nihoyatda muhim. Aloqalarni normallashtirish Misr uchun qandaydir yordam va texnologiya olishi uchun muhim ahamiyatga ega. Turkiya bilan dron va boshqa texnologiyalarni yetkazib berish bo‘yicha ham kelishuvimiz bor. Afrikadagi hamkorligimiz ham muhim, ayniqsa Liviyada”, deydi u.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning fevral oyi o‘rtalarida Misrga tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu Turkiya rahbarining 2013 yil iyulida Misr Prezidenti Muhammad Mursiy hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin mamlakatga ilk safari bo‘ladi.
Anqara va Qohira o‘rtasidagi munosabatlar 2013 yilda Turkiya yaqin munosabatlarga ega bo‘lgan Mursiy hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin yomonlashgan. Shundan so‘ng har ikki davlat o‘z elchilarini chaqirib oldi. 2021 yil mart oyida Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Misr bilan diplomatik darajada aloqalar tiklanishini e’lon qildi. 2022 yil noyabr oyida Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatining ochilish marosimida Misr va Turkiya Prezidentlari o‘rtasida qisqa muddatli uchrashuv bo‘lib o‘tdi, shundan so‘ng munosabatlarda sezilarli iliqlik kuzatildi. 2023 yil fevral oyi oxirida Misr Tashqi ishlar vaziri Sameh Shukri Turkiya janubidagi zilziladan jabr ko‘rgan Adana shahriga bordi.
2023 yil 4 iyulda mamlakatlar Anqara va Qohiraga elchilarni tayinlash orqali diplomatik munosabatlarni to‘liq tikladilar.
Turkiya va Misr munosabatlaridagi taranglik
Muhammad Mursiy mamlakatning demokratik yo‘l bilan saylangan ilk Prezidenti sanalib, u islom dunyosida ham martabali yo‘lboshchilardan biri edi. Mursiyning hokimiyatdan kuch tizimlari sabab ag‘darilishi mamlakat aholisi orasida katta norozilikni keltirib chiqargan. Prezident lavozimini Mursiydan keyin Mudofaa vaziri sifatida faoliyat yuritgan Abdul-Fattoh Halil As-Sisi egalladi.
Misrda ro‘y bergan davlat to‘ntarishidan so‘ng, tinch aholi vakillari namoyishga chiqdi. Ular dunyo hamjamiyatining e’tiborini Misrga qaratish uchun namoyishlar timsoli sifatida qo‘lning to‘rt barmoqli ko‘rinishini tanladilar. Bu esa namoyishlarda, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarda ommalashtirildi.
Misrda sobiq Prezident Muhammad Mursiy tarafdorlari namoyishi Robiya Al-Adaviya maydonida o‘tkazilgan. Robiya esa arab tilida “to‘rtinchi” degan ma’noni anglatadi. Mursiy esa mamlakatni boshqargan to‘rtinchi Prezident edi. Shu bois namoyishchilar bosh barmoqlarini bukib, qolganlarini ko‘targan holatda aksiya o‘tkazdilar. Internetda, xususan Twitter’da #R4BIA xeshteglari paydo bo‘ldi. Birgina Instagram’da esa ushbu heshteg bilan 100 minglab xabar qoldirilgan.
Robiya Al-Adaviya VIII asrda Yaqin sharqda, hozirgi Iroq va Suriya hududlarida yashagan bo‘lib, u oilada to‘rtinchi farzand bo‘lgan. Robiya tasavvuf ilmining yirik namoyandalaridan biri edi. Robiya bolaligini qullikda o‘tkazadi va qochoqlikdan so‘ng ozod bo‘ladi. U Misrda ozodlik timsoli sifatida tarixda qolgan va tasavvufda Robiya Adaviya yo‘nalishiga asos solgan.
O‘sha vaqtlarda Mursiyni qo‘llab-quvvatlab to‘rt barmoqli ishoradan foydalanganlar orasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham bo‘lgan. U keyinroq Mursiy o‘z ajali bilan o‘lmagani, aksincha, o‘ldirilganini aytib chiqdi.
“Mursiy o‘z o‘limi bilan o‘lmagan, uni o‘ldirishgan. Misrning demokratik saylangan prezidenti sud zalida 20 daqiqa yotgan va unga hech kim yordam ko‘rsatmagan”, degan edi Erdo‘g‘an.
2019 yilning sentyabr oyida o‘tkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 74-majlisida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Misr arab Respublikasining sobiq Prezidenti Muhammad Mursiyning dafn marosimiga uning qarindoshlari kiritilmaganini qattiq qoralib chiqdi.
“Misrning saylov yo‘li bilan tanlangan Prezidenti Muhammad Mursiy sud zalida qiynalib vafot etishi va dafn marosimiga, hatto, oilasining qatnashishiga izn berilmagani – ichimizda qonagan bir yaradir”, degan Rajab Toyib Erdo‘g‘an.
LiveBarchasi