Turkiya Marmar dengizini shilimshiqdan tozalashni boshladi
Olam
−
11 iyun 2021
5142Turkiya Marmar dengizini shilimshiq suyuqlikdan tozalash uchun keng ko‘lamli ishlarni boshladi. Kelajakda rasmiy Anqara uni qo‘riqlanadigan hudud deb e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar bermoqda.
Marmar dengizi suvlariga shilimshiqlarning “hujumi” natijasida nafaqat dengiz flora va faunasi, balki baliq ovlash sohasi ham tahdid ostida qolgan. Shilimshiq suyuqlik qayiq motorlariga chirmashib, tarmoqlarga zarar yetkazgan.
Turkiya Atrof-muhit vaziri Murat Kurum Marmar dengizini qo‘riqlanadigan hudud, deb e’lon qilish rejalashtirilgani haqida ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, Turkiya endi chiqindi suvlarni juda sinchkovlik bilan filtrlaydi va suv maydonidagi azot miqdorini 40 foizga kamaytirishni rejalashtirmoqda.
Ta’kidlanishicha, 25 ta qayiq dengiz sathini tozalash va to‘siqlar o‘rnatish bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, 18 ta boshqa qayiq shilimshiq tarqalishining oldini olish uchun ish olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, 6 iyun kuni Marmar dengizining Turkiyaning eng yirik megapolisi Istanbul bilan tutash qismini shilimshiq suyuqlik qoplagani ma’lum bo‘lgandi.
Shundan so‘ng, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Marmar dengizidagi shilimshiq suyuqlik muammosini hal qilishga va’da bergandi.
LiveBarchasi