Marmar dengizining Turkiya qirg‘oqlari shilimshiq bilan qoplandi (foto+video)
Olam
−
08 iyun 2021
22759Marmar dengizining Turkiyaning eng yirik megapolisi Istanbul bilan tutash qismini shilimshiq suyuqlik qopladi, olimlar uni o‘rganishga kirishgan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, gelga o‘xshash modda suv tubida ham mavjud. Bu haqda “Reuters” xabar bermoqda.
“Ilgari bunday hodisani hozirgidek miqyosda ko‘rmagan edik”, degan Turkiyaning Yaqin Sharq texnik universiteti direktori Barish Saliho‘g‘li.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dengiz suvidagi kislorod darajasi jiddiy ravishda pasaygan va shu sababli shoshilinch choralar ko‘rish zarur.
Yaqin Sharq texnik universitetining “Bilim-2” tadqiqot kemasi dengizda o‘rganish ishlarini olib borgan. Uning bortida 25 kishi bo‘lgan, ulardan 15 nafari olimlardir. Qayd etilishicha, natijalar Turkiya Atrof-muhit vazirligiga yuboriladi.
Saliho‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, tozalanmagan chiqindilarni dengizga tashlash shilimshiq suyuqlik hosil bo‘lishiga katta hissa qo‘shadi. Tadqiqotchining ta’kidlashicha, tuz miqdorini ikki baravarga kamaytirish kerak, o‘shanda dengiz suvidagi kislorod besh-olti yil ichida tiklanadi.
Olimlar, shuningdek, vazirlikka dengiz eng ifloslangan Istanbulning beshta tumanidagi kanalizatsiya tozalash inshootlarini yaxshilash bo‘yicha ish olib borishni taklif qilgan.
Bundan tashqari, Gebze Texnologiya universiteti olimlari alohida tadqiqot boshlagan. Ular 15 metr chuqurlikdan dengiz suvi va loyi namunalarini olishgan. Bundan tashqari, olimlar muhim ko‘rsatkichlarni, shu jumladan Istanbulning Pendik hududi va Buyukada oroli yaqinidagi suvning kislorod miqdorini o‘lchashgan.
“Biz bu orqali kelajakda yangi tahdidlar to‘g‘risida ogohlantira olamiz”, degan institut direktori, professor Salim Onjel.
LiveBarchasi