Turkiya koronavirusga qarshi kurash uchun O‘zbekistonga yordam jo‘natdi
Jamiyat
−
01 may 2020
6195Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) koronavirusning yangi turi COVID-19 pandemiyaga qarshi kurash doirasida O‘zbekiston tibbiyot xodimlariga tibbiy himoya anjomlarini taqdim etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ`ga O‘zbekistondagi Turkiya Elchixonasi va TİKA vakillari ma’lum qildi.
Turkiya elchisi Mehmet Sureyya Er va TİKA Toshkent Dasturi koordinatori Jamalettin Tuney ishtirok etgan xayriya tadbirida, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni-saqlash milliy palatasiga, TİKA tomonidan yetkazib berilgan 5 mingta himoya kiyimlari, tibbiy niqoblar, yuz himoya vositalari, qo‘lqoplar va ko‘zoynaklardan iborat tibbiy anjomlar taqdim etildi.
Marosimda so‘zga chiqqan elchi Sureyya Er, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘tgan hafta O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon muloqotida, O‘zbekistonga tibbiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirganini aytib o‘tganini qayd etdi. Shuningdek, TİKA orqali o‘zbek qardosh millatiga pandemiyaga qarshi kurashda o‘z hissalarini qo‘shmoqchi ekanliklarini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni-saqlash milliy palatasi raisi Ravshan Izamov O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam uchun minnatdorchilik bildirdi.
“Turkiyaning bu og‘ir kunlarda ko‘rsatyotgan yordami bu ikki davlat o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlari eng yuqori darajada ekanidan dalolatdir”, dedi Izamov.
Eslatib o‘tamiz, bugungacha O‘zbekistonga BAA, AQSH, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Xitoy va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti koronavirusga qarshi kurash uchun yordam jo‘natgandi.