Turkiya Qirg‘izistonni ogohlantirdi

Olam

image
0:00
0:00
download

AQSHda yashab kelayotgan Fathulloh Gulen rahbarligidagi FETO terroristik tashkiloti nafaqat Turkiya, balki Qirg‘iziston uchun ham tahlikalidir. Bu haqda Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida mamlakat tashqi diplomatiyasi rahbari Ruslan Qozoqboyev bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan keyingi brifingda ma’lum qildi. 

Turkiya Tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifidan so‘ng Qirg‘izistonga jo‘nab ketdi. Joriy yilda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ladi. 

Chavusho‘g‘lu brifingda yaqin orada Qirg‘izistonda Turkiya Ta’lim jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi birinchi maktabi ochilishini ma’lum qildi. “Ushbu voqelik Qirg‘iziston Turkiya uchun nechog‘lik muhim mamlakat ekanini o‘zida aks ettiradi”, deydi vazir. Unga ko‘ra, maktablar Qirg‘izistonning to‘rt viloyatida faoliyat olib boradi. 

Chavusho‘g‘lu ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik uchun foydalanilmagan salohiyat mavjudligini ta’kidladi. 

“Qirg‘izistonda mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish rejalashtirilgan. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning Anqaraga tashrifi rejalashtirilgan. Yaqinlashib kelayotgan tashrif doirasida Strategik hamkorlik bo‘yicha Oliy Kengashning 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Umid qilamizki, ushbu uchrashuv natijalari Anqara va Bishkek o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga muhim hissa qo‘shadi”, deydi Chavusho‘g‘lu.

Turkiya vazirining aytishicha,  Anqara turk kompaniyalarini Qirg‘izistonga ko‘proq sarmoya kiritishga undayapti. 

Ruslan Qozoqboyev, o‘z navbatida, Qirg‘iziston va Turkiyani lingvistik va diniy hamjamiyat birlashtirgan ikki qardosh mamlakat deb atadi. 

“Mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy qarama-qarshiliklar mavjud emas”, deb ta’kidladi Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi rahbari. 

Qirg‘iziston diplomatiyasining rahbari Qirg‘izistonda ta’lim muassasasini ochish masalasida Turkiyaning Ta’lim jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. “Biz Turkiya jamg‘armasi Qirg‘izistondagi ta’lim sohasiga o‘z hissasini qo‘shishini kutmoqdamiz”, dedi Qozoqboyev. 

Mavzuga aloqador

Qirg‘izistonda FETO maktablari hamon faoliyatini davom ettirib kelmoqda. O‘zbekistonda esa 2000-yillarning boshlaridayoq barcha FETO maktablari va litseylari faoliyatiga taqiq qo‘yilgandi. O‘sha vaqtdan to 2016 yilgacha Turkiyaning o‘zida ham FETO maktablari emin-erkin faoliyat olib borgan. 2016 yilning 15 iyul kuni yuz bergan davlatga qarshi to‘ntarishdan keyin Turkiya Fathulloh Gulenga aloqador bo‘lgan barcha maktablarni yopdi va bu ishni birinchi bo‘lib amalga oshirgan mamlakat sifatida O‘zbekistonni tan oldi.

Bugun ham Qirg‘iziston, Pokiston, Afg‘oniston, Hindiston, Bosniya va Efiopiya singari mamlakatlarda FETO maktablari faoliyat yuritadi.

Pokiston bunday maktablarni yopish uchun harakat ham qilmadi. Efiopiyada esa FETO maktablarini Germaniya korxonalari sotib oldi.

Yevropa mamlakatlari ham FETO maktablarini yopish uchun choralar ko‘rmadi. Yevropada 200 ga yaqin shunday maktablar hamon faoliyat yuritmoqda. Bosniyadagi maktablarni AQSH korxonalari sotib oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Qirg'iziston Mavlud Chavusho'g'lu

Baholaganlar

1299

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing