Turkiya Isroilni harbiy jinoyatchi deb e’lon qiladi – Erdo‘g‘an 

Olam

image

Turkiya Isroilni harbiy jinoyatchi deb e’lon qiladi va buni butun xalqaro hamjamiyat oldida bajaradi. Bu haqda Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an Falastinni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Istanbuldagi Otaturk aeroportida tashkil etilgan ommaviy mitingda aytib o‘tdi.

"Biz Isroilni harbiy jinoyatchi deb e’lon qilamiz, bu haqda xalqaro hamjamiyatni xabardor qilamiz, biz allaqachon bu borada ishlayapmiz. Yana qancha bolalar va ayollar o‘lishi kerak? Har bir davlat o‘zini himoya qilish huquqiga ega, ammo adolat qayerda? G‘azoda haqiqiy qirg‘in bo‘lmoqda. Ular G‘azo xalqini ochlik, suv va yonilg‘i yo‘qligi bilan ommaviy ravishda qirib tashlamoqchi", degan Turkiya Prezidenti.

Shuningdek, Erdo‘g‘an Isroilni bosqinchi ekanini, HAMAS harakatini esa terrorchi tashkilot emasligini ta’kidlagan. 

"1947 yilda Falastin va G‘azo chegaralari qayerda edi, hozir qayerda? Isroil, siz bosqinchisiz, guruhsiz, davlat emas. Turk millati buni biladi. Agar G‘arb sizdan qarzdor bo‘lsa, biz qarzdor emasmiz. Siz hech narsa emas. Shuning uchun biz juda xotirjammiz. Biz bu haqda gaplashyapmiz. Men HAMAS terrorchi tashkilot emasligini aytganimda, bu Isroilda xavotir uyg‘otdi. Biz bundan keyin bo‘ladigan reaksiyani bilardik, shuning uchun biz o‘z pozitsiyamizni ochiq va aniq bildirdik", degan Erdo‘g‘an.

Ma’lumot uchun, Turkiya rahbari 25 oktyabr kuni parlamentda so‘zlagan nutqida ham Anqara HAMAS harakatini terrorchi tashkilot emas, balki “ozodlik guruhi” deb bilishini aytgan. Erdo‘g‘anning bu bayonoti G‘arbda tanqidlarga sabab bo‘lgan.

Turkiya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Falastinni qo‘llab-quvvatlash mitingida 1,5 millionga yaqin odam qatnashgan. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Istanbuldagi miting tashkilotchilari namoyishda 2 milliondan ortiq odamni jalb qilishi mumkinligini xabar qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Erdo'g'an Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing